Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyadagi reydda halok bo‘lgan ozarbayjonliklar o‘limiga og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgan – APA

Rossiyadagi reydda halok bo‘lgan ozarbayjonliklar o‘limiga og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgan – APA

Foto: APA

Ozarboyjon Sog‘liqni saqlash vazirligi Sud-tibbiy ekspertiza va patoanatomiya birlashmasi xulosalariga ko‘ra, joriy yil 27-iyun kuni Yekaterinburgdagi migratsion reydda halok bo‘lgan ikki ozarbayjonlikning o‘limiga og‘ir tan jarohatlari sabab bo‘lgan. 

«Aka-uka Safarovlarning hech biri o‘tkir tig‘li yoki o‘q otish quroli bilan o‘ldirilmagan, ularga qattiq jism bilan zarbalar berilgan», – deydi mazkur birlashma rahbari Adolat Gasanova.

Shuningdek , Minval nashri ozarbayjonlik sud-tibbiyot ekspertlarining xulosasiga tayanib, Husayn Safarovning jasadida burun sinishi, ko‘krak qafasi deformatsiyasi va jinsiy a’zolar hududida ko‘karishlar borligini yozadi. Otopsiyada ko‘p miqdorda qon ketishi, qovurg‘a sinishi, plevra va o‘pkaning yorilishi aniqlangan. Qorin bo‘shlig‘ida qon topilgan, jigar va qorin parda shikastlangan.

Marhum Ziyodin Safarovda esa deyarli butun tanasida gematomalar, tirnalish va qon quyilishlari aniqlangan.

O‘z navbatida, Rossiya tomoni sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumning o‘limiga «yurak xastaligi» sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.

Ozarboyjonlik ekspertlarning yakuniy xulosasiga ko‘ra, har ikki shaxsning o‘limiga ko‘p sonli og‘ir tan jarohatlari natijasida yuzaga kelgan travmatik shok sabab bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon Bosh prokuraturasi Yekaterinburgda halok bo‘lgan ikki ozarbayjonlik ishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring