Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik ikki mulozim migrantlar haqida ikki xil fikr bildirdi

Rossiyalik ikki mulozim migrantlar haqida ikki xil fikr bildirdi

Rossiya Liberal-demokratik partiyasi rahbari Leonid Slutskiy Rossiyadan xorijga yo‘llangan har bir pul o‘tkazmasidan majburiy ravishda 5 foiz miqdorida mablag‘ ushlab qolishni taklif qildi. Bu boradagi murojaat Rossiya moliya vaziri  Anton Siluanovga yuborilgan.

«Banklar va to‘lov tizimlari uni (besh foizlik majburiy to‘lov nazarda tutilmoqda — tahr.) avtomatik ravishda ushlab qolishi va federal budjetga o‘tkazishi lozim. Pul Rossiyada ishlab topilar ekan, uning muayyan ulushi shu yerda qolishi va iqtisodiyotimiz hamda odamlarimiz manfaatiga xizmat qilishi kerak»,degan Leonid Slutskiy.

Siyosatchiga ko‘ra, chet el fuqarolari Rossiyadan o‘z vataniga katta miqdorda pul yuboradi, ammo ushbu amaliyotlar soliq yoki bojga tortilmaydi.

TASS nashri eslatishicha, 2025-yilda Rossiyadan O‘zbekistonga 18,9 milliard dollar pul yuborilgan.

Leonid Slutskiyning mehnat muhojirlariga nisbatan tartibni qattiqlashtirishni nazarda tutuvchi ushbu taklifiga parallel ravishda Rossiya tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Mariya Zaxarova butkul o‘zgacha ohangda bayonot bergan.

«Rossiya migrantlar uchun jahonning eng jozibali markazlaridan biri bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Bu bizdan Rossiya Federatsiyasining milliy xavfsizligini ta’minlashga hamda inson huquqlari sohasida o‘z zimmamizga olgan majburiyatlarimizga rioya etishga qaratilgan samarali va moslashuvchan migratsiya siyosatini amalga oshirishni talab qiladi. Rossiya — ishlash yoki o‘qish uchun kelayotgan chet el fuqarolari uchun ochiqdir. Qonuniy yashashning sodda, kam mashaqqatli va tushunarli qoidalari yaratilmoqda»,degan TIV voizi.  

Tahlilchilarga ko‘ra, Mariya Zaxarovaning diplomatik ruhdagi bayonotiga qaramay, Rossiyada mehnat muhojirlariga nisbatan talablar yil sayin kuchaytirilmoqda.

Joriy yil iyul oyida Rossiya Davlat dumasi mehnat migrantlari va farzandlarining mamlakatda bo‘lish tartibini yanada kuchaytiruvchi qonunlar paketini qabul qildi.

Joriy yil fevral oyida Rossiya hukumati vizasiz davlatlardan kelgan mehnat migrantlari uchun iqtisodiy shartlarni yanada kuchaytirishni nazarda tutuvchi tartibni ilgari surdi.

Rossiyalik yuqori martabali rasmiylarning migrantlarga keskin tanqid yog‘dirishi ham odatiy holga aylanmoqda. Jumladan, avvalroq RF Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr Bastrikin migratsiya siyosatini yanada qattiqlashtirish kerakligini ta’kidlagan, mamlakatdagi 13-14 million migrantning manfaat keltirishini shubha ostiga olgan edi.

Migratsiya agentligi avgust oyida e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Rossiyada 834,2 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini olib bormoqda.

Rossiyada migrantlarga qarshi ritorikaning oshishi va urush sharoitida O‘zbekiston mehnat faoliyati uchun yangi bozorlar qidirmoqda, migratsiya oqimi diversifikatsiya qilinmoqda.

Markaziy bank chop etgan 2026-yilning yanvar-iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga yuborilgan pul o‘tkazmalari tahlili ham Yevropa Ittifoqi, AQSh va Buyuk Britaniyadan mablag‘ yuborish ko‘rsatkichi oshib borayotganidan dalolat beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring