Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyalik jurnalist Qozog‘istonga tosh otdi

Rossiyalik jurnalist Qozog‘istonga tosh otdi

Rossiyalik propagandachi jurnalist Tina Kandelaki qozog‘istonliklarni manqurtga o‘xshatdi.

Hammasi Qozog‘istondagi bir qator temir yo‘l stansiyalarining ruscha nomi qozoqchaga o‘zgartirilishi haqidagi qarordan boshlandi. Ushbu tashabbusga qarshi chiqqan T.Kandelaki Qozog‘istonda rus tilini siqib chiqarishga urinish bo‘layotganini iddao qilib post chop etdi.

Tabiiyki, rossiyalik jurnalistning aql o‘rgatishi va mamlakat ichki ishlariga aralashishi Qozog‘iston jamoatchiligining keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi.

«Birinchidan, biz suveren mustaqil davlatmiz. Binobarin, temir yo‘l stansiyalariga qanday nom berishni o‘zimiz hal qilamiz. Ikkinchidan, Qozog‘istonda mustaqillik yillarida sovet davrida poymol etilgan ona tilimizning maqomi bosqichma-bosqich qaytarilmoqda. Uchinchidan, mamlakatimizda rus tili rasman qozoq tili bilan baravar ishlatilmoqda, qozoqcha esa davlat tilidir», – dyeya munosabat bildirdi jurnalist va bloger Dinara Satjan.

Shunda ham aqlini yig‘magan Kandelaki yana qozog‘istonliklar sha’niga nomaqbul so‘zlar yozdi.

«Hurmatli qozoqlar, sizlarda «mәңgu» degan ixcham, ammo sermazmun atama bor. Xotirasi, o‘zligi va hatto aqlini yo‘qotgan inson – manqurt obrazining ildizi ham shunga borib taqaladi. O‘zini va hodisalarni unutish, tarixni chetga surish, jumladan, tarixiy nomlarni o‘zgartirish nafaqat chalasavodlik, balki xavfli mashg‘ulot hamdir», –  deya bilag‘onlik qildi u.  

2022 yil yanvar oyida ro‘y bergan ommaviy noroziliklar payti Qozog‘istonga KXShT qo‘shini kiritilgan edi. Ushbu hodisani eslagan Tina Kandelaki da’vosicha, agar qo‘shnilar (Rossiya deb o‘qing!) yordam bermaganida, Qozog‘iston davlati parokandalikka yuz tutar edi.

«Yonayotgan shaharlar yaxshimi yoki ko‘makka kelgan qo‘shnilarmi?» – deb yozg‘iradi T.Kandelaki.

Ma’lumot o‘rnida, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini targ‘ib-tashviq qilgani sababli T.Kandelakiga nisbatan AQSh va Kanada tomonidan sanksiya joriy etilgan.

Rossiyalik ayrim siyosatdonlarning Qozog‘istonga «katta og‘alik» ruhida da’volar bilan chiqishi yangilik emas.

2022 yilda Kreml propagandasining yalovbardorlaridan sanalgan jurnalist Tigran Keosayanning Qozog‘istonga kirishi taqiqlandi. Ukraina urushini tish-tirnog‘i bilan himoya qilib kelayotgan Keosayan YouTube kanalida Qozog‘iston sha’niga nomaqbul so‘zlar aytgan va po‘pisa qilgan.

2020 yil dekabr oyida Rossiya Davlat dumasining ilm-fan va ta’lim qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov 1-telekanalda «Qozog‘iston hududi Rossiya hamda Sovet ittifoqi tomonidan berilgan katta sovg‘adir» degan da’vo bilan chiqqan.

2021 yilning yanvarida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev «Egemen Qazaqstan» gazetasida chop etilgan maqolasida Rossiya yuqori siyosiy doiralarida bot-bot yangrayotgan hududiy da’volarga munosabat bildirgan.

Ikki yil avval Qozog‘istonda ommaviy norozilik namoyishlari boshlangan kunlarda ham bir guruh rossiyalik deputatlar yana qo‘shni mamlakat hududiy yaxlitligiga tahdid soluvchi bayonotlar bergandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring