Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaning mashhur telekanali ayg‘oqchilikda ayblandi

Rossiyaning mashhur telekanali ayg‘oqchilikda ayblandi

Foto: Reuters

AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Rossiya davlat ommaviy axborot vositalari, xususan, «Rossiya segodnya» media guruhiga mansub RT telekanalini propaganda, dezinformatsiya va josuslikda aybladi.

Kreml nazoratidagi mazkur OAVning soxta ma’lumotlar tarqatish, axboriy xurujlarda ayblanishi yangilik emas. Ammo AQSh yuqori martabali mulozimi bu gal RT telekanalini Rossiya davlat razvedka tizimining bir qismi deya baholagan.

«RT xodimlaridan olingan yangi ma’lumotlarga qaraganda, kiberimkoniyatlarga ega RT yashirin axboriy amaliyotlar, ta’sir o‘tkazishga qaratilgan operatsiyalar va harbiy oldi-sotdilarga safarbar etilgan», – deydi Qo‘shma Shtatlar davlat kotibi.

Qayd etilishicha, katta resurslarga ega RT nafaqat AQSh, shuningdek, Moldova, Germaniya va Afrika mintaqasi davlatlaridagi ichki siyosiy jarayonlarga aralashmoqda.

Shunga ko‘ra Vashington boshqa davlatlarga RT telekanalini Rossiya razvedkasining bir qismi deb qabul qilishni maslahat bergan.

Buyuk Britaniya AQShning bu boradagi pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlagan.

Rossiya tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova davlat mediasiga qarshi ilgari surilgan ayblovlarni rad etgan.

Avval xabar berganimizdek, sentyabr oyi boshida AQSh moliya vazirligi «Rossiya segodnya» media guruhi va uning «Novosti», RT, Ruptly, Sputnik kabi sho‘’ba korxonalariga nisbatan sanksiya joriy qildi.

«Rossiya segodnya» bosh muharriri Margarita Simonyan, uning o‘rinbosarlari Yelizaveta Brodskaya, Andrey Kiyashko va Anton Anisimov ham «qora ro‘yxat»ga kiritildi.

Vashington fikricha, Kreml o‘z media loyihalari orqali AQShdagi joriy prezidentlik sayloviga ta’sir ko‘rsatishga, xususan, amerikaliklarning saylov jarayoniga ishonchini so‘ndirishga urinmoqda.

Oq uy rasmiy vakili Jon Kirbi «Rossiya segodnya» media guruhi prezident Vladimir Putin izni bilan shunday faoliyat olib bormoqda deb hisoblaydi.

RT brendi ostida faoliyat yurituvchi OAV faoliyati Rossiya davlat budjetidan moliyalashtiriladi. Ingliz, ispan, nemis, fransuz, arab  va rus tillarida axborot taqdim etib kelayotgan RT Kreml propaganda quroli ekani aytiladi. Rossiyaning Ukrainaga bosqini ortidan aksar G‘arb davlatlari hududida RT dasturlarini namoyish etish taqiqlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring