Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rossiyaning yangi bosh vaziri shov-shuvli jinoyatga aloqadorligi iddao qilindi

Rossiyaning yangi bosh vaziri shov-shuvli jinoyatga aloqadorligi iddao qilindi

Rossiyaning yangi bosh vaziri Mixail Mishustin Sergey Magnitskiyning o‘limi bilan yakunlangan mudhish jinoyatga aloqador bo‘lishi mumkin. Bu haqda Hermitage Capital Management sarmoya shirkati bosh direktori Uilyam Brauder Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.

Konsalting shirkatida faoliyat yuritgan Sergey Magnitskiy (1972-2009) Rossiya yuqori martabali mansabdorlari tomonidan g‘azna puli talon-toroj qilinganini fosh etgan.

Ushbu ayblov ortidan, 2008 yilda uning o‘zi soliqdan bo‘yin tovlashga doir jinoiy ish doirasida qamoqqa olingan. S.Magnitskiy tergov jarayonida  «Matrosskaya tishina» qamoqxonasida vafot etgan. Magnitskiyning shubhali o‘limi xalqaro maydonda kuchli aks sado bergan. Bir qator G‘arb mamlakatlari, jumladan, AQSh «Magnitskiy qonuni»ni qabul qilgan. Mazkur hujjat inson huquqlari buzilishiga aloqador rossiyalik amaldorlarga jazo joriy etishni ko‘zda tutadi.  Rossiya rahbariyati esa mazkur ayblovlarni rad etadi va Sergey Magnitskiyning o‘zi korrupsiyaga aloqador bo‘lganini aytib keladi.

2013-yili bir necha yilga cho‘zilgan «Magnitskiy ishi» bo‘yicha sud yig‘ini bo‘lib o‘tadi. Mahkamada o‘sha paytda Federal soliq xizmati rahbari lavozimida faoliyat yuritgan Mixail Mishustin bergan ishonchnoma asosida ikki mas’ul xodim qatnashadi. 

Hermitage Capital Management sarmoya shirkati bosh direktori Uilyam Brauder iddaosiga ko‘ra, M.Mishustin soliq idorasi rahbari sifatida Sergey Magnitskiyga nisbatan to‘qima ayblovni dastaklashda qatnashgan.

«Rossiya hukumati o‘z siyosiy muxoliflarini ta’qib etish uchun aynan soliqdan bo‘yin tovlash kabi to‘qima ayblovlardan foydalanadi. Soliq idorasi rahbari sifatida u (Mishustin – tahr.) to‘qima ayblovlarni tasdiqlashi lozim edi» deydi  U.Brauder.

Darvoqe, o‘sha shov-shuvli jinoiy ish doirasida U.Brauderning o‘zi ham soliqdan bo‘yin tovlashda ayblanib, sirtdan 9 yil ozodlikdan mahrum etilgan. Mahkama marhum Magnitskiyni oqlashdan bosh tortgan.

Hermitage Capital Management sarmoya shirkati rahbarining ayblovi yuzasidan hozircha na Rossiya hukumati, na Federal soliq xizmati munosabat bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15-yanvar kuni prezident Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan davlatchilik islohotlari haqidagi takliflar ortidan Rossiya hukumati raisi Dmitriy Medvedev iste’fo berdi. Prezident Putin bosh vazirlik lavozimini 2010-yildan buyon Federal soliq xizmatiga rahbarlik qilib kelayotgan 53 yoshli Mixail Mishustinga taklif etdi. Mishustin davlat rahbari taklifini mamnuniyat ila qabul qildi. 16-yanvar kuni Davlat dumasi yangi bosh vazir nomzodini bir ovozdan ma’qulladi.

S.Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring