Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ruanda ishi»: xalqaro jinoiy tribunal 29 yillik faoliyatdan so‘ng yakunlandi

«Ruanda ishi»: xalqaro jinoiy tribunal 29 yillik faoliyatdan so‘ng yakunlandi

Foto: JusticeInfo.net

BMTning Ruanda bo‘yicha xalqaro jinoiy tribunali (International Criminal Tribunal for Rwanda — ICTR) 29 yillik faoliyatidan so‘ng o‘z ishiga rasman yakun yasadi. Tribunal ayblov e’lon qilgan so‘nggi ikki qochoq — Ryandikayo va Charlz Sikubvabo nihoyat topildi — har ikkalasining vafot etgani qayd etildi, deya xabar berdi BMT prokuraturasi.

Ryandikayo va Sikubvabo ko‘plab jinoyatlarda, xususan, genotsidda, Interxamve xutu tarkibiga kiruvchi jangari to‘dalarga boshchilik qilganlikda ayblangandi.

BMT tribunali Ruandada tutsilarga qarshi genotsid davridagi jinoyatlarda jami 92 nafar shaxsni aybdor deb topdi.

1994-yilda Ruandada tutsilarning qirib tashlanishi Ikkinchi jahon urushidan keyin sodir etilgan eng mudhish genotsidlardan biri sifatida tarixga kirgan.

AQSh Davlat departamenti Ruandadagi genotsidni moliyalashtirgan hamda siyosiy va jangari guruhlar bosh homiysi ekani gumon qilingan tadbirkor Felisen Kabugani topish uchun 5 mln dollar mukofot e’lon qilgan. 25 yil qochib yurgan Kabuga 2020-yil may oyida Parij chekkasidagi uyida qo‘lga olingan edi.

Xutu ekstremistlari qo‘liga o‘tgan Ruanda hukumati mayda elat — o‘zi nizoda bo‘lgan tutsilarni tizimli ravishda qirib tashlashga kirishgan. Aprel oyida xutularga mansub Ruanda prezidenti Jyuvanel Xabiarimana uchayotgan samolyot noma’lum shaxslar tomonidan urib tushirilgach, tutsilarga qarshi ov boshlangan.

Qariyb 100 kun davom etgan qirg‘inlardan so‘ng, 1994 yilning iyuliga kelib, genotsid qurbonlari soni 800 ming nafardan oshib ketdi, minglab odamlar jarohat oldi yoki mayib-majruh bo‘lib qoldi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 1994-yil voqealarida bir million atrofida odam halok bo‘lgan (Ruandaning o‘sha paytdagi aholisining 14 foizi).

Ma’lumot uchun: Ruanda — Sharqiy Afrikada joylashgan mamlakat. Hududi — 26 338 kvadrat kilometr, aholisi — 13,6 mln (2024 yil). Genotsidni to‘xtatishda hal qiluvchi rolni o‘ynagani aytiladigan tutsilarga mansub Pol Kagame — 2000 yildan buyon Ruanda prezidenti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring