Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanoqli soatlar qoldi! Turkiya xalqi tarixiy hodisani hayajon bilan kutmoqda...

Sanoqli soatlar qoldi! Turkiya xalqi tarixiy hodisani hayajon bilan kutmoqda...

Bugun tunda Turkiyaning ilk astronavti Alper Gezeravji (Alper Gezeravcı) Axiom (Ax-3) guruhi tarkibida fazoga parvoz qiladi. Astronavtlar guruhi SpaceX dasturi doirasida Florida (AQSh) shtatidagi Kennedi nomli fazoviy tadqiqotlar markazidan Xalqaro kosmik stansiyasiga yo‘l oladi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakat xalqi va rahbariyati nomidan ayni paytda AQShda parvozga hozirlanayotgan fazogirga mas’uliyatli missiyani muvaffaqiyatli ado etishda omad tilagan.

«Siz Turkiyaning fazoga parvoz qilayotgan birinchi vatandoshisiz. Bu bilan millatimiz qalbini chin ma’noda g‘ururga to‘ldirasiz. Bunga tayyormisiz?» – deb so‘ragan Erdo‘g‘on. Alper Gezeravji mas’uliyatli vazifani sharaf bilan ado etishga va’da bergan.

Turkiya matbuoti ilk turk astronavtining parvozini tarixiy hodisa deb baholagan. Fazogirning o‘zi ushbu hodisa Turkiya Respublikasi e’lon qilinganining 100 yilligida ro‘y berayotgani ramziy ma’no kasb etishini qayd etgan.

Koinotni tadqiq etish bo‘yicha katta rejalarni ko‘zlagan  Turkiya 2018 yilda Fazoviy tadqiqotlar agentligi tashkil etgan edi. 2022 yilda milliy fazoviy dastur doirasida ilk fazogirni tanlash jarayoni boshlangandi.

44 yoshli polkovnik Alper Gezeravji Turkiya hamda AQSh harbiy havo kuchlari akademiyalarida tahsil olgan. F-16 samolyoti uchuvchisi sifatida 21 yillik tajribaga ega. U Axiom missiyasi tarkibida ispan, italyan va shved hamkasblari bilan birgalikda ilmiy eksperimentlarda qatnashadi.

Ma’lumot o‘rnida, taniqli o‘zbek kosmonavti Solijon Sharipov 1998 va 2004 yillarda fazoga parvoz qilgan. Polkovnik S.Sharipov 400 soatdan ziyod vaqt davomida ochiq fazoda bo‘lgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring