Saudiya tashqi ishlar vaziri mintaqaviy xatar haqida bong urdi
Eron bilan yadro kelishuvidagi muvaffaqiyatsizlik Yaqin Sharq mintaqasida xatarli vaziyatni vujudga keltiradi, dedi Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal ibn Farhan 11 dekabr kuni OAVga intervyusida. Podshohlik bosh diplomati Abu Dabida jahon siyosati mavzusida o‘tgan anjuman doirasida yana boshqa muhim bayonotlar ham bergan.
Saudiya vaziriga ko‘ra, Eron yadro quroliga ega bo‘lsa, Ko‘rfaz mamlakatlari o‘z xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
«Biz o‘ta xatarli makondamiz. Ishonchingiz komil bo‘lsinki, mintaqa davlatlari o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun kerakli choralarni ko‘rishga majbur bo‘ladi», – dedi u.
Ayni paytda Eronning G‘arb mamlakatlari bilan yadro muzokaralari boshi berk ko‘chaga kirib qolgan. Ayrimlar bunda asossiz talablar ilgari surayotgan Eronni ayblamoqda.
Rasmiy Riyoz garchi kelishuv amalga oshishiga to‘laqonli ishonmayotgan bo‘lsa-da, bitim so‘nggi emas, dastlabki qadam bo‘lishiga umid bildirmoqda.
Ko‘rfaz davlatlari Eronning raketa va uchuvchisiz qurilmalar, shuningdek, mintaqada qo‘g‘irchoq boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha urinishlaridan ham xavotirda.
«Afsuski, hozir biz ko‘rayotgan alomatlarni ijobiy deb bo‘lmaydi. Biz eronliklardan yadro qurolini yaratish dasturidan manfaatdor emasliklari haqida eshitmoqdamiz. Bunga ishonish qanchalar yoqimli bo‘lar edi. Biz bu borada to‘laqonli ishonch hosil qilmog‘imiz lozim», – dedi Saudiya bosh diplomati.
Siyosatdonga ko‘ra, bitimga erishuv ham Tehronning yadro quroliga ega bo‘lishga harakat qilmasligiga kafolat bo‘la olmaydi.
Saudiya vaziri AQSh bilan taranglashgan aloqalarga ham munosabat bildirgan. Garchi kelishmovchiliklar mavjud bo‘lsa-da, Ko‘rfaz davlatlarining Qo‘shma Shtatlar bilan robitalari kuchli bo‘lib qoladi, deb hisoblaydi u.
Faysal ibn Farhan intervyu davomida podshohlik mustaqil Falastin davlati tashkil etish g‘oyasiga sodiq ekanini ham ta’kidlab o‘tgan.
Avval xabar berganimizdek, Saudiya tomoni joriy yil iyun oyida Ko‘rfaz mamlakatlari hamkorlik kengashining vazirlar mashvaratida ham Eronning yadro loyihasi, isyonchilar qurollantirilayotgani, terrorizm qo‘llab-quvvatlanayotgani va mintaqadagi beqarorlikka urinishlar borasida xavotir izhor etgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter