Saudiyalik ilk musulmon fazogir ayol koinotga parvoz qiladi
Joriy yil 21 may kuni Saudiya Arabistoni vakillari – Rayyana Barnaviy hamda Ali al-Qarniy SpaceX Falcon 9 havo kemasida Xalqaro fazo stansiyasiga uchadi. Shu tariqa Rayyana Barnaviy koinotga parvoz qilayotgan ilk musulmon fazogir ayol sifatida tarixga kirmoqda.
Parvoz AQShning Florida shtatidagi fazoviy markazdan amalga oshiriladi. Rayyana Barnaviy, Ali al-Qarniy, Peggi Uitson va Jon Shoffner (har ikkisi AQSh vakili) – jami to‘rt kishidan iborat jamoa «Axiom-2» missiyasi doirasida 10 kun davomida fazoda bo‘lib, 20 ga yaqin ilmiy tajriba o‘tkazadi.
33 yoshli Rayyana Barnaviy Saudiyadagi Al-Faysal universitetida biologiya va tibbiyot fanlari magistri darajasini olgan bo‘lib, saraton hujayralarini o‘rganishga ixtisoslashgan. U OAVga intervyusida arab va musulmon dunyosining ilk ayol fazogiri sifatida koinotga parvoz qilish ham sharaf, ham mas’uliyat ekanini ta’kidlagan.
«Nigoh–2030» strategiyasi doirasida Saudiya Arabistoni fuqarolarining Xalqaro fazoviy stansiyaga parvoz qilishi podshohlik fazoviy tadqiqotlar sohasida yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi.
Bu hodisa, ayni choqda, mamlakat 40 yillik tanaffusdan keyin fazoviy tadqiqotlarga yana qaytganini anglatadi. Gap shundaki, 1985 yilda NASA dasturi doirasida Saudiya Arabistoni harbiy havo kuchlari polkovnigi, shahzoda Sulton bin Salmon ham fazoga chiqqan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter