Shifokor ayol birdaniga to‘qqiz farzandidan ayrildi

Hujum oqibatida A’lo an-Najjorning shifokor turmush o‘rtog‘i og‘ir yaralangan.
G‘azo sektorida davom etayotgan urushda qonli fojialardan biri ro‘y berdi. Falastinlik shifokor ayol A’lo an-Najjor Isroil armiyasi bombardimoni oqibatida bir kunda to‘qqiz farzandidan ayrildi.
Buyuk Britaniyaning “The Guardian” gazetasi yozishicha, 10 farzandning onasi bo‘lgan A’lo an-Najjor G‘azodagi shifoxonada pediatr bo‘lib ishlaydi. Farzandlari hayoti xavf ostida ekaniga qaramay, u o‘sha mash’um kunda ham shifoxonadagi bemor bolalarga ko‘mak bergani ishga ketgan.
Isroil armiyasi Xon Yunusga uyushtirgan aviahujum oqibatida A’lo an-Najjorning 9 farzandi halok bo‘lgan, bir farzandi (11 yoshli Odam) va turmush o‘rtog‘i (shifokor Hamdi an-Najjor) og‘ir yaralangan.
“The Guardian” nashriga ko‘ra, An-Najjor oilasining uyiga bomba tashlanishi oqibatida bolalarning deyarli barchasi yonib ketgan.
Halok bo‘lgan bolalarning eng kichigi Sayden 6 oylik bo‘lgan.
Hamkasblariga ko‘ra, A’lo an-Najjor shifokorlik kasbiga hamisha sodiq qolgan. Og‘ir shart-sharoit hamda farzandlari hayoti xavf ostida ekaniga qaramay, shifokorlik vazifasini vijdonan ado etgan.
Er-xotin shifokorlar Hamdi va A’lo an-Najjorlar to‘ng‘ich farzandlarini yaqin fursatda Misrdagi Al-Azhar universitetiga o‘qishga joylashni rejalashtirgan edi.
“Halok bo‘lganlar bu shunchaki qog‘ozdagi ismlar emas! Biz ham dunyodagi boshqa odamlar kabi odamlarmiz. Boshqa odamlar kabi biz ham yashash huquqiga egamiz”, – deydi G‘azodagi Nosir shifoxonasi bolalar bo‘limi rahbari Ahmad al-Farra “The Guardian”ga bergan intervyusida.
Falastinning BMTdagi elchisi Riyoz Mansur BMT Xavfsizlik kengashidagi 28 may kungi chiqishida An-Najjor oilasi boshiga tushgan kulfat haqida gapiraturib yig‘lab yuborgan.
“Isroil joriy yil mart oyida o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini buzganidan buyon 1300 dan ziyod falastinlik bola o‘ldirildi, yana 4000 nafari yaralandi. Murg‘ak bolalarining jasadini quchoqlagancha, ulardan kechirim so‘rayotgan onalar aks etgan tasvirlarni ko‘rishga yurak dosh bermaydi. Bu dahshatga qanday sabr qilish mumkin?!” – deydi Falastin elchisi Riyoz Mansur.
Isroil armiyasi HAMAS harakati hujumiga javoban G‘azo sektoriga bostirib kirgan 2023 yil 7 oktyabrdan buyon 54084 nafar falastinlik halok bo‘ldi. Ularning 16503 nafari bolalardir.
G‘azodagi aviahujumlarda bir oilaning o‘nlab a’zosi o‘ldirilishi avval ham qayd etilgan. Jumladan, 2023 yil dekabr oyida Isroil tashlagan bombadan “Anadolu” axborot agentligi operatori Muntazir al-Savvaf va uning o‘nlab yaqinlari vafot etgan.
2023 yil dekabr oyida Jabaliya qochqinlar lageri bombalanishi oqibatida “Al-Jazira” telekanali Arab xizmati muxbiri Mo‘min al-Sharafiyning 22 nafar oila a’zosi – ota-onasi, aka-singillari, jiyanlari va boshqa qarindoshlari halok bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter