Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shtaynmayer: Germaniya qat’iy ravishda Ukraina tomonida

Shtaynmayer: Germaniya qat’iy ravishda Ukraina tomonida

Germaniya Rossiya bosqinidan himoyalanayotgan Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Germaniya federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer urush boshlanganining uch yilligi munosabati bilan bergan bayonotida ta’kidlagan.

«Keskin burilish ro‘y bergan vaqt – 2022-yilning 24-fevraliga uch yil to‘ldi. Ukrain xalqining uqubatlari, azoblari va yo‘qotishlarining uch yili. Erkinlik va  suverenitetni sabot bilan himoya qilishning uch yili. Ukrainaliklar nafaqat o‘z hududlari uchun, balki demokratiya, o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqi va ozod Yevropa uchun ham jang qilmoqdalar. Bularning bari biz uchun ham muhim qadriyatlar sanaladi. Ukrainaliklar ko‘rsatayotgan jasorat bizning yuksak ehtiromimizga munosib», – deydi Germaniya federal prezidenti.

Siyosiy yetakchiga ko‘ra, Germaniya gumanitar va harbiy ko‘mak ko‘rsatish, qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash orqali qat’iy ravishda Ukraina tomonida turadi.

Shtaynmayer fikricha, Yevropada tinchlik va erkinlikni mustahkamlash uchun Ukrainani izchil dastaklash lozim.

Olmon davlati rahbari urush yakunlangunga qadar Germaniya Kiyevga ko‘mak ko‘rsatishda davom etishi, shuningdek, urushdan keyin shaharlarni tiklashda ham jonbozlik ko‘rsatishini urg‘ulagan.

«Biz aniq mujda yo‘llamoqdamiz: Ukraina aslo yolg‘iz emas. Biz erkinlik muhitidagi tinchlik va Ukrainaning Yevropada suveren va xavfsiz kelajagi uchun yelkadoshmiz», – deydi  Frank-Valter Shtaynmayer.

Kiyevda 24 fevral kuni o‘tkazilgan sammitda ham videoaloqa formatida qatnashgan prezident Shtaynmayer Berlin o‘z mas’uliyatini teran his qilishini ta’kidlab, hamkorlar Germaniyaga ishonishi mumkinligini uqtirgan.

Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi davlatlari Ukrainaga 135 milliard yevro miqdorida ko‘mak ko‘rsatdi, yordam ko‘lami yanada ortadi.

Frank-Valter Shtaynmayer Ukraina urushini Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropa uchun taqdirulamal sinov deb atagan.

Avvalroq Germaniya kansleri Olaf Shols ham BMT Bosh assambleyasidagi ma’ruzasida Rossiyaning Ukrainaga bosqinini keskin qoralagan, Kremlni imperializm siyosati yuritishda ayblagan edi.

Kanslerning ta’kidlashicha, tish-tirnog‘iga qadar qurollangan, yadro aslahasiga ega, BMT Xavfsizlik kengashining doimiy a’zo bo‘lgan mamlakat chegaralarni zo‘ravonlik yo‘li bilan o‘zgartirishga urinayotgan bir paytda mutaraqqiy dunyo qo‘l qovushtirib o‘tirishi yaramaydi. Shunga ko‘ra u xalqaro hamjamiyatni BMTning nizom va qadriyatlarini himoya qilishga da’vat etgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring