Shvetsiya noyabrning oxiriga qadar NATOga a’zo bo‘lib kirishi mumkin
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi (NATO)ga a’zo mamlakatlarga maktub yo‘llab, Shvetsiyani noyabr oyi oxirigacha blokka qabul qilishni talab qildi. Bu haqda Shvetsiya qirolligi vazirlar mahkamasidagi manbalariga tayanib Bloomberg yozmoqda.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, siyosatchi 28-29 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan NATO tashqi ishlar vazirlarining yig‘ilishidan oldin mazkur davlatning alyansga qo‘shilishini istayapti.
«Ushbu shimoliy Yevropa mamlakatining NATOga qo‘shilishi Boltiq dengizi bilan chegaradosh to‘qqizta davlatdan, Rossiyadan tashqari, sakkiztasining blokda bo‘lishini anglatadi», – deyiladi materialda.
Yillar davomida bloka qo‘shilishdan bosh tortib kelgan Shvetsiya hamda Finlyandiya 2022-yil may oyida harbiy ittifoqqa qo‘shilish uchun ariza topshirgan edi. Avvaliga har ikki davlatning blokka integratsiyasi Turkiyaning qarshiliklariga duch keldi. Biroq Xelsinki 2023-yilning aprelida NATOga a’zo bo‘lish orqali Anqara bilan bog‘liq barcha muammolarni hal qilgan bo‘lsa ham, rasmiy Stokgolm Turkiya tomoni bilan uzoq vaqt kelishuvga erisha olmay kelmoqda.
Ayni vaqtda Erdo‘g‘on Shvetsiyaning NATOga a’zoligi haqidagi protokolni Turkiya parlamentiga yuborishga va protokol ratifikatsiya qilinishini ta’minlash uchun deputatlar bilan yaqindan hamkorlik qilishga kelishib olgani aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter