Shveysariya Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi
Alisher Usmonov (o‘ngda) va Mixail Fridman.
Shveysariya Yevropa Ittifoqi ortidan tadbirkorlar Alisher Usmonov va Mixail Fridmanni, shuningdek, Qrim federal universitetining sobiq rektori Andrey Falaleyev hamda Redbird Corporate Services Ltd. kompaniyasini sanksiyalar ro‘yxatidan chiqardi. Shu bilan birga, mamlakat cheklovlar ro‘yxatini kengaytirib, unga yana 254 nafar jismoniy va yuridik shaxsni qo‘shdi.
Shveysariya iqtisodiy masalalar bo‘yicha davlat kotibiyati (SECO) ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu o‘zgarishlar 2026-yil 4-noyabrdan kuchga kirdi.
Bundan tashqari, sanksiyalar ro‘yxatidan, vafot etgani sababli, Rossiya davlat dumasi sobiq deputati Yuriy Shvitkin, konstruktor Aleksandr Leonov va Eron harbiy arbobi Alirizo Tangsiriy chiqarildi.
Yangi kiritilgan cheklovlar esa Rossiya harbiy-sanoat kompleksi, bank sektori, energetika va logistika sohalari bilan bog‘liq shirkat hamda shaxslarga taalluqlidir.
Yevropa Ittifoqi Kengashi sentyabr oyida Ukrainadagi urush sababli joriy etilgan shaxsiy sanksiyalar muddatini 2029-yil kuzigacha uzaytirgan edi. Biroq cheklovlarni bir yo‘la uch yilga uzaytirish bo‘yicha kelishuv doirasida Alisher Usmonov va Mixail Fridmanga nisbatan sanksiyalar bekor qilingan.
Reuters agentli diplomatik manbalarga asoslanib xabar berishicha, Alisher Usmonovni ro‘yxatdan chiqarishni Slovakiya va Fransiya, Mixail Fridmanni esa Lyuksemburg talab qilgan. Ayni paytda Fridman Lyuksemburgdan arbitraj sudi orqali 16 milliard dollar undirishga harakat qilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter