Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shveysariya bojni kamaytirish uchun Trampning «og‘zini moylagan»

Shveysariya bojni kamaytirish uchun Trampning «og‘zini moylagan»

Shveysariya tadbirkorlari Tramp huzurida

Foto: Oq uy matbuot xizmati

Shveysariya AQSh prezidenti Donald Tramp bilan boj tariflarini pasaytirish bo‘yicha muvaffaqiyatsiz muzokaralardan keyin qimmatbaho sovg‘a-salomlar orqali maqsadiga erishgan. Bu haqda «Axios» nashri xabar berdi.

Joriy yil 4 noyabr kuni Tramp Oq uyda Shveysariyaning biznes delegatsiyasini qabul qilgan edi. Delegatsiya safida «MKS PAMP SA» qimmatbaho metallar shirkati rahbari Marvan Shakarchi, lyuks toifasidagi soatlar ishlab chiqaruvchi «Rolex» kompaniyasi rahbari Jan-Frederik Dyufur va hashamatli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan «Richemont» shirkati direktorlar kengashi raisi Yoxann Rupert bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, shveysariyalik tadbirkorlar Oq uyga quruq qo‘l bilan kelmagan. Jumladan, «MKS PAMP SA» shirkati rahbari Marvan Shakarchi Trampga qiymati 130 ming dollarlik quyma oltin sovg‘a qilgan. «Rolex» yetakchisi Jan-Frederik Dyufur esa AQSh rahbarini tilladan yasalgan stol soati bilan siylagan. «Axios» nashri manbalariga ko‘ra, «Rolex» rahbari avvaliga Trampga nodir titan soat sovg‘a qilmoqchi bo‘lgan, ammo AQSh rahbari tillani xush ko‘rishini o‘ylab qarorini o‘zgartirgan.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvdan o‘n kun o‘tib, AQSh hukumati Shveysariya mahsulotlariga boj miqdori 39 foizdan 15 foizga tushirilganini e’lon qilgan. Rasmiy Bern AQShga sarmoyani oshirish va savdo to‘siqlarini bartaraf etishga ham va’da bergan.

AQSh Shveysariyaga boj miqdorini oshirishi haqida aprel oyida bayonot berilgani ortidan mazkur mamlakat prezidenti Karin Keller-Zutter hamkasbi Tramp bilan muzokara o‘tkazgan, ammo uni niyatidan qaytara olmagan edi.

AQSh Konstitutsiyasi hukumat a’zolariga xorijiy davlatlardan Kongress ruxsatisiz sovg‘a olishni man etadi. Ushbu taqiqqa tushmaslik uchun Oq uy Shveysariya tadbirkorlari keltirgan qimmatbaho tuhfalarni Prezident kutubxonasiga sovg‘a sifatida rasmiylashtirgani aytilmoqda.

Donald Tramp oldin ham xorijiy davlat vakillaridan qimmatbaho sovg‘alar olgani ma’lum.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil may oyida Qatar davlati Trampga 400 mln dollarlik «uchar qasr» – Boeing 747-8 camolyotini sovg‘a qilgan edi.

Tramp avgust oyida «Apple» shirkati xorijda ishlab chiqarayotgan mahsulotlarga boj joriy etishini aytgach, kompaniya bosh direktori Tim Kuk siyosiy yetakchiga 24 karat oltinni o‘z ichiga olgan suvenir tuhfa qilgan. Shirkat AQShda ishlab chiqarishni kengaytirish uchun 100 milliard dollar sarmoya kiritishga ham va’da bergan.

Oktyabr oyida esa Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon Trampga oltin toj peshkash qildi. Buning ortidan ushbu davlat mahsulotlariga boj miqdori kamaytirilishi e’lon qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring