Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shveysariya sudi Rossiya gardaniga 2,63 milliard dollar tovon puli yukladi

Shveysariya sudi Rossiya gardaniga 2,63 milliard dollar tovon puli yukladi

Foto: TASS

Shveysariya federal sudi Rossiyaning apellyasiya arizasini rad etdi va mamlakat gardaniga sobiq YuKOS guruhining Yukos Capital Sarl shirkatiga 2,63 milliard dollar to‘lash majburiyatini yukladi.

O‘tgan yil iyul oyida Xalqaro arbitraj sudi Yukos Capital Sarl shirkati foydasiga 5 milliard dollar miqdorida tovon puli to‘lanishi haqida qaror chiqargandi. Avgust oyida esa Rossiya tomoni shirkatni maxfiylik tartibini buzishda ayblab apellyasiya arizasi bilan murojaat qilgan. Pirovardida Shveysariya federal sudi Moskvaning bu talabini inobatga olmadi.

Aslida, Yukos Capital va Rossiya hukumati o‘rtasida sudlashuv 2013 yilda boshlangan. Shirkat rasmiy Moskvaning qarori bilan YuKOS tugatilgani va kasodga uchraganini da’vo qilib, 13 milliard dollar tovon puli so‘ragan.

YuKOS shirkatiga 1993 yilda taniqli tadbirkor Mixail Xodorkovskiy asos solgan. Xodorkovskiyning o‘zi 2003 yil 25 oktyabrda mablag‘ o‘zlashtirish va soliqdan bo‘yin tovlash aybi bilan hibsga olingan. Qamoqqa olingan paytda Xodorkovskiy dunyoning eng boy odamlaridan biri bo‘lgan. Uning boyligi o‘sha vaqtda 15 milliard dollar deb baholangan. 10 yil qamoqda o‘tirgan  Xodorkovskiy 2013 yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan afv etilgan. Xorijga chiqib ketgan tadbirkor keyinroq Putinning ashaddiy tanqidchisiga aylangan.

Xodorkovskiyning hibsga olinishi ortidan YuKOS neft konserni faoliyatini to‘xtatgan. Shirkatning aksar aktivlari shubhali kimoshdi savdolari orqali “Rosneft” konserniga o‘tgan.

Shveysariyadagi sud YuKOSning tugatilishiga oid tortishuvlarning bir qismi, xolos. 2014 yil iyul oyida Haagadagi hakamlik sudi palatasi Rossiya YuKOSning sobiq aksiyadorlari bo‘lgan Hulley Enterprises, Veteran Petroleum va Yukos Universal shirkatlariga 50 milliard dollar tovon puli to‘lashi lozimligi haqida qaror chiqargan. Hakamlik sudi Rossiya 2000-yillar boshida  YuKOS shirkati kasodga uchrashi uchun ma’muriy choralar ko‘rgan deb topgan. Ushbu hukm bir necha bor bekor bo‘lgan va qayta kuchga kirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring