Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanzaniyada marhum prezident bilan vidolashish paytida 45 kishi halok bo‘ldi

Tanzaniyada marhum prezident bilan vidolashish paytida 45 kishi halok bo‘ldi

Foto: «Twitter.com»

Tanzaniyaning marhum prezidenti Jon Magufulini dafn etish marosimidagi tiqilinchda kamida 45 kishi halok bo‘ldi, deya xabar berdi mahalliy «Citizen» gazetasi politsiyaga tayanib.

Avvalroq besh kishining vafot etgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi.

Marhum prezident bilan vidolashish marosimi Tanzaniyaning eng yirik shahri Dor-us-Salomdagi Uxuru stadionida bo‘lib o‘tdi. 21-mart, vidolashuvning ikkinchi kuni juda ko‘p motam tutuvchilar belgilangan kirish joylarini aylanib o‘tib stadionga kirishga harakat qilishdi. Tiqilinch kelib chiqdi, natijada 45 kishi halok bo‘ldi, yana 37 kishi jarohatlangan.

Magufuli 17-mart kuni 62 yoshida Dor-us-Salomdagi shifoxonada vafot etdi. Vitse-prezident uning o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lganini aytgan. Shu bilan birga, muxolifat va G‘arb ommaviy axborot vositalari Magufuli koronavirus bilan jiddiy kasallanib qolganini ma’lum qilishdi. Hukumat buni rad etmoqda.

Fevral oyida Magufuli mamlakatda koronavirus yo‘qligini e’lon qilgani to‘g‘risida xabar bergandik. Shuningdek, u aholini nafas olish yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish uchun uch kun davomida ibodat qilishga chaqirib, lokdaun joriy etilmasligini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi, Tanzaniya COVID-19ga qarshi vaksina sotib olishni rejalashtirmayotganini ma’lum qilgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring