Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Teleboshlovchilikdan prezidentlikka. Argentinaning yangi prezidenti Xaver Miley o‘zi kim?

Teleboshlovchilikdan prezidentlikka. Argentinaning yangi prezidenti Xaver Miley o‘zi kim?

Foto: «Reuters»

Argentinada Libertarlar partiyasiga rahbarlik qiluvchi Xaver Miley prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozondi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, u 56 foizga yaqin ovoz to‘plagan.

20-noyabr, dushanbaga o‘tar kechasi Mileyni saylovlardagi g‘alabasi bilan uning raqibi, «Vatan uchun ittifoq» hukmron koalitsiyasidan nomzod bo‘lgan Argentina iqtisodiyot vaziri Serxio Massa hamda bir qator Lotin Amerikasi davlatlari yetakchilari tabrikladi.

«Men Xaver Miley bilan bog‘lanib, uni tabrikladim va omad tiladim, chunki u argentinaliklarning ko‘pchiligi keyingi to‘rt yilga tanlagan prezident», - dedi Serxio Massa ovoz berishning rasmiy natijalari e’lon qilinishidan oldin.

Mileyning saylovdagi g‘alabasi Argentina siyosatini ostin-ustun qilib yuborgani aytilmoqda. Ko‘pchilik siyosatchilar bu voqea butun qit’aga ta’sir o‘tkazishi mumkinligidan xavotirda. 

Jumladan, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro Argentinadagi prezidentlik saylovlarida o‘ng qanot nomzodi g‘alabasidan hafsalasi pir bo‘lganini bildirib, buni «Lotin Amerikasi uchun qayg‘uli voqea» deb atagan.

«Neoliberalizm endi jamiyatga hech narsa taklif qila olmaydi, u insoniyatning dolzarb muammolariga javob bera olmaydi», deb yozgan Petro X ijtimoiy tarmog‘ida.

Foto: «Reuters»

Saylovoldi chiqishlarida o‘zini tajovuzkor tutishi, teatrlashtirilgan uslubi sababli Mileyni AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp bilan solishtirishmoqda. 

Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Miley bilan «juda faxrlanishini» aytdi. 2024 yilda AQSh prezidentligi uchun yana kurashmoqchi bo‘lgan respublikachi: «Siz o‘z mamlakatingizni rivojlantirasiz va Argentinani yana buyuk qilasiz», deb yozgan.

Xaver Miley o‘zi kim?

2020-yili siyosatga kirib kelgan Xaver Miley amaldagi tizimni «portlatmoqchi» ekanini aytgandi. Biroq o‘shanda hech kim uch yildan so‘ng sobiq televideniye ekspertining prezidentlik kursisini egallashini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak. Lekin u aytganini qila oldi.

U saylovoldi kampaniyasi davrida siyosiy elitaning «o‘g‘rilari»ni ayamay tanqid qildi, mamlakat Markaziy bankini Argentinada inflyasiya darajasi uch xonali songa yetishida aybdor deb atadi va jonli efirda uni yopishini e’lon qildi. Natijada o‘zini anarxo-kapitalist deb e’lon qilgan 53 yashar ushbu shaxs saylovning ikkinchi bosqichida g‘alaba qozondi.

Foto: «AP»

Miley o‘nlab saylov kampaniyasi tadbirlarida iqtisodiyotni dollarlashtirish bo‘yicha taklifini ilgari surish uchun o‘zining qiyofasi tasvirlangan ulkan 100 dollarlik banknot bilan saylovchilar qarshisida namoyon bo‘lgandi. U, shuningdek, qurol nazoratini yumshatish va abort qoidalarini kuchaytirish tarafdori.

Sentyabrda bo‘lib o‘tgan saylovoldi tashviqotiga motorli arra ko‘tarib kelgan Mileyning tajovuzkor va teatrlashtirilgan uslubi – saylovchilar qarshida superqahramon libosida namoyon bo‘lganidan tortib shtatlarni qisqartirish haqidagi va’dalariga ishontirish uchun motorli arra ishlatishigacha – uni amerikalik Donald Tramp yoki braziliyalik Jair Bolsonaroga o‘xshatishlariga sabab bo‘ldi.

Foto: «El Extremo Sur»

Ammo u butun bir avlodi inqiroz sharoitida ulg‘aygan Argentina uchun noyob fenomen hisoblanadi. Mamlakatda bu yil iqtisodiy vaziyat har qachongidan yomonlashgan, inflyasiya 150 foizga yaqinlashgan, valyuta qadri tushib ketgan va qashshoqlik darajasi oshib ketgan. Shu jarayonda Xaver va uning koalitsiyasini qo‘llab-quvvatlovchilar, ayniqsa, yoshlar orasida ko‘paygan.

Mileyning tarjimai holi muallifi, jurnalist Xuan Gonsales “El Loko” (“Aqldan ozgan odam”) deb atalayotgan yangi prezident saylov jarayonida tartibsizliklar keltirib chiqargani ta’kidlarkan, yuqori inflyasiya, davlat qarzining oshib borayotgani va yaqinlashib kelayotgan retsessiya hisobga olinsa, u juda xavfli o‘yinga kirib qolganini aytib o‘tgan.

Xaver Miley nimalarni va’da qildi?

Foto: «San Diego Union-Tribune»

Argentina yangi prezidenti Xaver Miley mamlakatning BRICS guruhiga a’zoligini qo‘llab-quvvatlamaydi, davlatning fuqarolar hayotiga minimal aralashuvini yoqlaydi, Markaziy bankni tugatmoqchi va milliy valyutani dollarga almashtirishni taklif qilyapti.

Saylovoldi kampaniyasi davomida u Rossiya, Xitoy va Braziliyaning «kommunistik» hukumatlari bilan aloqalarni uzish rejasini ham e’lon qildi.

Iqtisodiy muammolarni hal qilish uchun zanjirli arrani o‘ziga timsol sifatida tanlagan nomzod budjet xarajatlarini jiddiy qisqartirmoqchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring