Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tog‘ ustidagi shishadek tiniq shahar – Shusha

Tog‘ ustidagi shishadek tiniq shahar – Shusha

Shusha - shishadek tiniq degani, ozarbayjon tilida qanday ma’no bersa, o‘zbek tilida ham xuddi shunday tushuniladi. Panox xon tomonidan XVIII asrda bunyod etilgan bu shaharning tarixi juda qiziq, Ozarbayjon uchun ahamiyati juda katta. Bu yerdan ko‘plab mashhur tarixiy shaxslar chiqqan, ular orasida ayniqsa shoira Xurshidbonu Natavanning o‘rni boshqacha.

O‘zbek xalqi uchun Nodira qanday ahamiyat kasb etsa, qardosh ozarbayjonlar Xurshidbonu Natavanni shunday ardoqlaydilar. Qorabog‘ning so‘nggi xoni – Mextikuli-xonning qizi bo‘lmish Xurshid bonu vatani uchun ko‘p yaxshi ishlarni amalga oshirgan. U Shushada ilk suv quvurini bunyod etgan, bunga qadar aholi suvni sotib olishga majbur edi. Xurshidbonu shaxsiy jamg‘armasidan pul sarflab, 10 kilometr uzoqlikdagi buloqdan quvur tortib kelgan va bu suv yo‘li hamon ishlab turibdi. Shushaga qilgan safarimiz chog‘ida o‘sha suvdan totib ko‘rdik, juda mazali.

Ozarbayjon xalqi Xurshidbonu Natavanni shu qadar ardoqlaganki, u vafot etganda 40 kilometr uzoqlikdagi oilaviy dahmasiga qo‘yish uchun Shushadan Agdamga qadar piyoda, yelkalarida ko‘tarib borishgan. Natavanni bugun ham juda ardoqlashadi, unga qo‘yilgan yodgorliklarni Ozarbayjonning turli burchaklarida ko‘rish mumkin. Albattaki, Shushada ham.

Faqat bu yodgorlikning taqdiri ancha og‘ir kechdi. Xurshidbonu Natavan hayotlik chog‘ida ham xalqining yaxshiyu yomon kunlarida birga bo‘lgandi, unga qo‘yilgan yodgorlik ham shushaliklar boshiga tushgan alamlarni birga tortdi.

Birinchi Qorabog‘ urushi davrida Ozarbayjonning tarixiy shahri Shusha arman ayirmachilari tomonidan bosib olindi. Shundan so‘ng shaharning sal kam 30 yillik istilo tarixi boshlanadi. Ayirmachilar hech narsani ayab o‘tirishmadi, shu jumladan yodgorliklarni ham. Shushaga borsangiz, albatta markaziy maydonda bastakor Uzeir Gadjibekov, opera qo‘shiqchisi Bulbul va shoira Xurshidbonu Natavanga qo‘yilgan yodgorliklarni ko‘rib o‘ting. O‘shanda urushning dahshatini yana bir bor his qilasiz.

Bu shaxslarning barchasi Ozarbayjon madaniyati darg‘alari bo‘lib, uzoq yillar davomida bronza byustlari shaharni bezatib kelgan. 1992 yilda Shushani egallab olgan arman ayirmachilari yodgorliklarni buzib, Gruziyaga olib ketishadi va metallo lom sifatida sotmoqchi bo‘lishadi. Yaxshiyamki, Ozarbayjon hukumati o‘z vaqtida chora ko‘rdi va ularni sotib olib, Bokuga olib kelishga muvaffaq bo‘lindi. Ammo ularda urushning dahshatli izlari qolgandi – yodgorliklarda arman o‘qlari izlari bor: shoira Natavan bosh barmog‘i singan qo‘lida kitob tutib turibdi, bastakor Gajibekovni kostyumiga o‘q tekkan, ko‘zoynagi sindirilgan, mashhur Bulbul esa o‘qlar yomg‘iri ostida qolgani ko‘rinib turibdi.

Ozarbayjon xalqi byustlarni tiklamaslikka qaror qildi, ular ayirmachilar tomonidan bosib olingan hududlardagi vahshiylikning isboti o‘laroq ozod etilgan Shushaning markaziy maydonida turibdi.

Shushani ozod etish Ozarbayjon xalqi uchun oson bo‘lgani yo‘q.

Qorabog‘ni qaytarib olishdagi noyob amaliyotlardan biri – Shusha shahri ozod etilishi tarixda qolishga arziydi. Qorabog‘ning yuragi va toji hisoblangan Shusha tog‘lar orasidagi tabiiy istehkom bo‘lgani uchun tanklarda yoki boshqa og‘ir qurollar yordamida shaharga kirib bo‘lmas edi. Uni ozod qilishning faqat ikkita yo‘li bor edi. Birinchisi, shaharda joylashgan dushman kuchlarini artilleriya va havo zarbalari bilan yo‘q qilish mumkin edi, ammo qo‘mondonlik buni rad etdi, chunki shaharni bombardimon qilish katta vayronagarchilikka olib keladi. Shuning uchun muqobil variant sifatida qo‘l jangi taktikasi tanlandi. Ozarbayjon armiyasining yengil qurollangan askar va zobitlari zich o‘rmonlar, chuqur daralar, qoya va tog‘larni bosib o‘tib, katta mashaqqat evaziga Shusha ostonalariga yetib keldilar.

Ozarbayjon askarlari besh kun davomida Shusha yo‘nalishida piyoda yurdilar, tog‘lar, daralar, o‘rmonlarni bosib o‘tib, dushman kutmagan tomondan hujumga o‘tdilar. 400 askar va zobitdan iborat yengil qurollangan maxsus qo‘shin Shusha qoyalariga arqon bilan chiqib, ertalab shaharga to‘rt tomondan kirib keldi, jang boshlandi. Kunning ikkinchi yarmida arman jangchilari katta yo‘qotishlarga uchrab, shaharni tark etishdi.

Shushaning qaytarilishi Ozarbayjonda milliy bayram sifatida qabul qilindi. Xalq ko‘chaga chiqdi, osmonga mushaklar otildi, odamlar yig‘ladi, bir-birini mutlaqo tanimagan odamlar quchoqlashishdi bayram qilishdi. Bu g‘alaba kuni edi. Buyuk g‘alaba nishonlangan kun.

O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomli Ozarbayjon Madaniyati markazi tashabbusi bilan tashkil etilgan safar davomida turli davlatlardan kelgan jurnalistlar Qorabog‘ning deyarli barcha shahar va go‘shalarida bo‘ldik. Qayerga bormaylik, ikki xil manzaraga guvoh bo‘ldik – hamma joyda urushdan qolgan vayronalar va ularni bartaraf etish maqsadida olib borilayotgan ulkan qurilishlarni ko‘rdik.

Ishonamizki, Qorabog‘ning qora kunlari ortda qolgan va bu yog‘iga endi faqat yaxshi kunlar unga yo‘ldosh bo‘ladi. Yaqin ikki yilda yana bu yerlarga qaytishni niyat qildik, o‘shanda butkul boshqa Qorabog‘ni ko‘ramiz, nasib...

Zafar QOSIMOV, Shusha

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring