Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

To‘qayev dunyoda shakllanayotgan yangi tizim nimaga asoslanishi kerakligi haqida gapirdi

To‘qayev dunyoda shakllanayotgan yangi tizim nimaga asoslanishi kerakligi haqida gapirdi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev dunyoda ro‘y berayotgan beqarorliklar diniy yetakchilar zimmasiga katta mas’uliyat yuklayotganini ta’kidladi. Bu haqda u bugun, 14 sentyabr kuni Nursulton shahrida boshlangan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyida gapirdi.

«Bugun insoniyat ro‘baro‘ kelgan muammolar global jarayonlarda diniy yetakchilarning rolini qayta ko‘rib chiqish va idrok etishni talab qilmoqda», – dedi Q.To‘qayev.

Inson hayotini qadrlash, o‘zaro hurmat va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslik ilohiy ta’limotlarning o‘zak qoidalari sanaladi.

«Ishonchim komilki, ushbu tamoyillar dunyoda shakllanayotgan yangi tizimning tamal toshi bo‘lmog‘i lozim. Biz nazariy ta’limotlar, madaniyat, iqtisodiyot va jamiyatga amaliy yondashuvlarni yangi nazar bilan ko‘rib chiqishimiz, ularga mushtarak nafas bag‘ishlashimiz kerak. Tamaddunlarni tushunish, yangi ma’naviy ruhni shakllantirish hayotning barcha yo‘nalishlarida islohotni talab etadi», – dedi Qozog‘iston yetakchisi.

Poytaxt Nursultonda o‘tayotgan Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining VII qurultoyida Misrdagi nufuzli «Al-Azhar» diniy majmuasi rahbari, shayx Ahmad Muhammad Toyyib, Rim papasi Fransisk va boshqa dunyo dinlari yetakchilari qatnashmoqda.

«Postpandemiya davrida jahon va an’anaviy dinlar yetakchilarining insoniyat ruhiy va ijtimoiy taraqqiyotidagi o‘rni» deb nomlangan mashvaratda islom, nasroniylik, yahudiylik, sintoizm, buddaviylik, zardushtiylik, hinduizm vakillari ishtirok etmoqda.

Avval xabar berganimizdek, tadbir davomida o‘zaro hurmat asosida yashash, adolat va tinchlikni ta’minlashda ta’lim va diniy ma’rifatning roli, diniy ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashda diniy yetakchilarning hissasi kabi mavzular muhokama qilinadi.

Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi Qozog‘iston rahbariyati tashabbusi ilk bor 2003 yilda o‘tkazilgan. O‘shanda buyon anjuman bilan dinlararo va konfessiyalararo muloqot an’analarini mustahkamlash maqsadida o‘tkazilib keladi. Bunga qadar Qozog‘iston 2006, 2009, 2012, 2015, 2018 yillarda qurultoyga mezbonlik qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring