Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp aybdor deb topildi. Endi u prezident saylovida qatnasha olmaydimi?

Tramp aybdor deb topildi. Endi u prezident saylovida qatnasha olmaydimi?

Tramp mahkama qora kursisida.

Foto: EPA/Bloomberg

Avval xabar berganimizdek, Nyu-York hakamlar hay’ati AQShning 45-prezidenti Donald Trampni hujjatlarni soxtalashtirishda aybdor deb topdi. Shu tariqa mamlakat tarixida birinchi marta sobiq prezident jinoiy javobgarlikka tortilmoqda.

Sudning yakuniy hukmi 11 iyul kuni e’lon qilinadi.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, Tramp aybdor deb topilishi ortidan respublikachilar partiyasining ayrim saylovchilari unga ovoz berish fikridan qaytgan.

Joriy yil 5 noyabr kuni o‘tadigan prezidentlik  saylovida amaldagi rahbar Jo Baydenga asosiy raqib bo‘lishi kutilayotgan Trampning mahkamaga tortilishi uning Oq uyni egallash yo‘lidagi urinishlariga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bu masala siyosiy doiralarda qizg‘in muhokama qilinmoqda. Bi-Bi-Sining Shimoliy Amerikadagi muxbiri Entoni Zurker shu savolga javob izlagan.

«Donald Trampning jinoyat ishida aybdor deb topilishi bir necha omillarga ko‘ra misli ko‘rilmagan holatdir. Gap shundaki, AQSh tarixida birinchi marta sobiq yoki amaldagi prezident sudning qora kursisida o‘tiribdi, unga allaqachon ayblov ham e’lon qilindi. Bundan tashqari, mamlakatdagi ikki asosiy partiyadan birining prezidentlikka ehtimoliy nomzodi ilk bor jinoyat ishida aybdor o‘laroq ko‘rilmoqda», – deb yozadi Entoni Zurker.

Tramp 11 iyul kuni chiqariladigan hukm yuzasidan shikoyat qilishini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, nazariy jihatdan u qamoq jazosi yoki katta miqdorda jarimaga tortilishi mumkin.

Sudlovning Tramp siyosiy karerasiga ta’siri borasida uzil-kesil fikr aytishning imkoni yo‘q. Negaki, AQSh tarixida avval bunday holat kuzatilmagan.

«Voqealar rivoji borasida aniq tasavvur hosil qilish uchun odatda tarixga yuzlanamiz. Ammo arxiv hujjatlarida bunga o‘xshash holat qayd etilmagan», – deydi Janubiy metodist universiteti huzuridagi Prezidentlar tarixi markazi rahbari Jeffri Engel.

Trampning respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida ko‘rsatilishi oson kechgani yo‘q. Vaziyatning murakkabligi shundaki, sud hukmi e’lon qilinganidan bir necha kun o‘tib, respublikachilar partiyasi qurultoyi nomzodni ma’qullash haqida qaror chiqaradi.

Ijtimoiy so‘rov natijalariga qaraganda, Tramp kimo‘zar poygada amaldagi prezident Bayden bilan qadam-baqadam ketmoqda. Hatto saylov taqdiri hal bo‘ladigan ayrim shtatlarda kichik ustunlikka ham ega. Ammo so‘nggi ijtimoiy so‘rovlar sud hukmi kuchlar nisbatiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Qishda o‘tkazilgan so‘rovlarda respublikachilarning 10 foiz elektorati agar sobiq prezident aybdor deb topilsa unga ovoz bermasligini bildirgan edi.

Aprel oyida Ipsos va ABC News o‘tkazgan so‘rovda esa Tramp aybdor deb topilsa, uning tarafdorlaridan 16 foizi o‘z qarorini o‘zgartirishini ochiqlagan.

Bahorda sobiq prezidentning aybdor deb topilishi hali faraz edi. Endilikda, unga qarshi ayblov hukmi e’lon qilingan paytda saylovchilar aniq faktga ko‘ra xulosa yasaydi.

«Chinakam hukmni xalq chiqaradi», – degan Tramp 2024 yil 5 noyabr kungi saylovga ishora qilib sud zalidan chiqar ekan.

Siyosatchining nekbinligiga qaramay, u Kapitoliyga bostirib kirishni tashkillashtirish, maxfiy hujjatlarni saqlash qoidasini buzish kabi jinoyatlarda ham gumonlanayotganini unutmaslik kerak.

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassis, prezident Bill Klinton bilan birga ishlagan Dug Shon boshqa fikrda. Unga ko‘ra, noyabr oyida amerikalik saylovchilar Trampning hujjat soxtalashtirishda ayblanganini unutishi ham hech gap emas.

«Garchi jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi noxush holat sanalsa ham, noyabrda saylovchilar ko‘proq inflyasiya haqida, janubiy chegaradagi devor haqida, Rossiya va Xitoy bilan raqobat haqida, shuningdek, katta miqdordagi budjet mablag‘i Isroil va Ukrainaga ko‘mak sifatida sarflanayotgani haqida o‘ylaydi», – deydi D.Shon.

«Oq uymi yo qamoq?» Karikatura muallifi – Stellina Chen.

Ayni choqda, AQSh siyosiy muhitining o‘ziga xosligi shundaki, kam sonli saylovchilar qo‘llovidan mahrum bo‘lish ham nomzodga prezidentlik poygasida qimmatga tushishi mumkin.

Ekspertlarga ko‘ra, oliy ma’lumotli yosh amerikaliklar Trampning xulq-atvori va boshqaruv usulidan xavotirda. Respublikachi siyosatdonlarning aksari esa sud ayblovidan keyin ham Trampni qo‘llab-quvvatlashda sobit. Jumladan, Kongressning Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson Nyu-York mahkamasi ayblov e’lon qilgan 30 may sanasini mamlakat uchun «sharmandali kun» deb atagan.

Ayrim tahlilchilar Trampning «o‘tda yonmas, suvda cho‘kmas» xususiyatga ega ekanini e’tibordan qochirmaclik kerak deb hisoblaydi. Co‘nggi sakkiz yil mobaynida uning muxoliflari muqarrar mag‘lubiyatga uchrashi haqida bashorat qilib keladi. 2016 yilgi saylov kampaniyasi davrida ham bir necha jiddiy siyosiy mojaro kelib chiqqan, ammo u suvdan quruq chiqishni uddalagan edi. Bu gal ham bari saylovchilar kayfiyatiga bog‘liq deyilsa to‘g‘ri bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring