Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Eronga 15 kun muhlat berdi

Tramp Eronga 15 kun muhlat berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga yadroviy dastur bo‘yicha kelishuv tuzish uchun eng ko‘pi bilan 10–15 kun vaqt borligini ma’lum qildi. U bu haqda jurnalistlar bilan suhbatda, samolyot bortida turib bayonot bergan. Brifing yozuvi C-Span portalida e’lon qilingan.

«Menimcha, 10–15 kun yetarli bo‘lishi kerak», – dedi Tramp.

19 fevral kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan Tinchlik kengashining birinchi yig‘ilishida ham Tramp Tehronni kelishuv bo‘lmasa, «yomon oqibatlar» kutayotgani bilan ogohlantirgan. Biroq u aynan qanday choralar ko‘rilishini ochiqlamagan.

Shu bilan birga, Reuters agentligi xabar qilishicha, Eron BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo‘llagan maktubida urush boshlash niyati yo‘qligini bildirgan. Biroq «harbiy tajovuz» bo‘lgan taqdirda, mamlakat «qat’iy va mutanosib javob qaytarishini» ma’lum qilgan. Maktubda aytilishicha, mintaqadagi «dushman kuchlarining barcha bazalari va ob’yektlari qonuniy nishon» sifatida ko‘riladi.

CBS telekanali esa AQSh harbiylari 21-fevral kuni Eronga zarba berishga tayyor ekani haqida prezidentga hisobot berganini ma’lum qildi. Biroq telekanalga ko‘ra, Tramp hozircha yakuniy qaror qabul qilmagan.

Reuters sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga tayanib, Tehron AQSh bilan munosabatlar keskinlashgan bir paytda harbiy poligonlar va boshqa ob’yektlarni mustahkamlayotganini yozgan.

17 fevral kuni Jenevada Amerika-Eron muzokaralarining ikkinchi bosqichi o‘tkazildi. The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Eron boyitilgan uranning bir qismini uchinchi tomonga, masalan Rossiyaga topshirishni taklif qilgan. Shuningdek, Tehron uranni boyitishni to‘xtatish va AQSh bilan biznes kelishuvlar tuzishga tayyor ekanini bildirgan. Nashrga ko‘ra, bu takliflar ehtimoliy harbiy zarbani oldini olish maqsadida ilgari surilgan.

Muzokaralar arafasida Tramp yana bir bor Eron o‘z yadroviy dasturiga ega bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidlagan. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Jeneva uchrashuvi oldidan ijtimoiy tarmoqlarda «adolatli kelishuv» muhokama qilinishi mumkinligini, ammo «tahdidlar oldida taslim bo‘lish muzokaralar mavzusi emas»ligini yozgan.

WSJ tahliliga ko‘ra, Eron taklif qilayotgan yon berishlar Vashingtonni qoniqtirmasligi mumkin. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yil iyun oyidagi AQSh zarbalaridan so‘ng Eronda uranni boyitish jarayoni to‘xtagan, ammo Tehron ishlab chiqarish salohiyatini saqlab qolishni talab qilmoqda.

Bayden va Obama ma’muriyatlari davrida Eron bilan muzokaralarda ishtirok etgan Richard Nefyuning fikricha, AQSh Tehronga Venesuela ssenariysini taklif qilmoqda – ya’ni yo shartlarga rozi bo‘lish, yoki harbiy bosimga duch kelish.

Mintaqadagi vaziyat hozir noaniqligicha qolmoqda. Tomonlar o‘rtasida diplomatik muzokaralar davom etayotgan bo‘lsa-da, harbiy harakatlar ehtimoli ham istisno qilinmayapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring