Tramp Ukrainaga harbiy yordamni muzlatib qo‘ydi

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaga harbiy yordamni mamlakat rahbariyati «tinchlik tarafdori» ekanligini namoyish qilmaguncha muzlatib qo‘yishni buyurdi. Bu Oq uyning Oval kabinetida Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan dahanaki tortishuvidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.
«Prezident Tramp tinchlik tarafdori ekanini ochiq aytdi. Hamkorlarimiz ham bu maqsad sari intilishi kerak. Biz yordamimizni to‘xtatib, muammoni hal qilishda yordam berayotganiga ishonch hosil qilish uchun ko‘rib chiqyapmiz», – dedi Oq uy vakili.
Trampning o‘zi bu qarorga hozircha izoh bermadi, Oq uydan ham rasmiy ma’lumot olinmadi.
Dushanba kuni «Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatadimi?» degan savolga Tramp «Nima bo‘lishini keyin ko‘ramiz», degandi.
Bloomberg va Fox News’ning xabar berishicha, tanaffus Tramp Ukraina rahbariyati tinchlikka intilayotganiga ishonch hosil qilmaguncha davom etadi.
«Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga joriy qilingan barcha harbiy yordamni Tramp mamlakat rahbarlari tinchlikka intilish majburiyatini namoyish etayotganidan qoniqmaguncha to‘xtatib qo‘yadi», – deya Oq uy matbuot kotibining so‘zlaridan iqtibos keltiradi Bloomberg.
«Bu yordamning doimiy muddatga to‘xtatilishi emas, bu vaqtincha tanaffus», – deya xabar beradi Fox News ma’muriyat xodimiga tayanib.
Bloomberg agentligining aniqlik kiritishicha, bu qaror Ukrainaga yetkazilmagan barcha Amerika harbiy texnikalariga, jumladan, tranzitda bo‘lgan yoki Polsha orqali tranzitni kutayotgan qurollarga ham ta’sir qiladi.
Trampning qarori Kiyevga qurol yetkazib berishga aniq qanday ta’sir qilishi va qancha birliklarga ta’sir qilishi hozircha noma’lum.
CNN esa AQSh rasmiylariga tayanib, Oq uy Zelenskiydan tog‘-kon qazilma boyliklar bo‘yicha kelishuv yoki harbiy yordam muhokamasi bo‘yicha oldinga siljishdan oldin, ehtimol, omma oldida uzr so‘rashni talab qilayotganini xabar qildi.
Telekompaniya manbalaridan biriga ko‘ra, harbiy yordamni to‘xtatish qarori dushanba kuni kechga yaqin qabul qilingan va bu «Ukrainaga bosim strategiyasi»dir.
Zelenskiy allaqachon Trampdan juma kuni Oval kabinetda sodir bo‘lgan voqea uchun kechirim so‘rash niyatida emasligini, ammo AQSh bilan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini aytgan. Shuningdek, u Ukraina rasmiylari tinchlik tarafdori va urushni imkon qadar tezroq tugatishga intilayotganini qayta-qayta ta’kidlamoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter