Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp va Medvedev yana dahanaki tortishuvga kirishdi

Tramp va Medvedev yana dahanaki tortishuvga kirishdi

AQSh prezidenti Donald Tramp BRIKS blokini qo‘llab-quvvatlovchi davlatlarga 10 foizlik qo‘shimcha boj joriy etish bilan tahdid qildi.

“BRIKSning aksilamerika siyosatini dastaklovchi har qanday davlatga 10 foizlik qo‘shimcha boj joriy etiladi. Istisnolar bo‘lmaydi”, – deb yozdi Tramp Truth Social platformasida.

AQSh prezidenti joriy yil boshida ham BRIKS xalqaro savdoda dollardan voz kechgudek bo‘lsa, 150 foizlik boj kiritish bilan po‘pisa qilgandi

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levittga ko‘ra, Tramp BRIKSni AQSh uchun tahdid deb hisoblaydi.

“Tramp BRIKS AQSh manfaatlariga qarshi ish tutmoqda deb hisoblaydi. U dunyo maydonida Amerikaga nisbatan adolatli munosabatni o‘rnatadi. Boshqa mamlakatlar AQSh va xalqimizni o‘z manfaati yo‘lida foydalanmasligi uchun boshqa zarur choralarni ham ko‘radi”, – degan Oq uy matbuot kotibi. 

Vashingtonning BRIKSga qarshi bayonoti Braziliyada 6-7 iyul kunlari mazkur blokning sammiti bo‘lib o‘tgan pallada yangramoqda.

AQSh prezidenti Trampning qo‘shimcha boj joriy etish haqidagi bayonotiga  Rossiya Federatsiyasi Xavfsizlik kengashi raisi o‘rinbosari Dmitriy Medvedev X platformasidagi sahifasida munosabat bildirgan.

“BRIKSning nufuzi oshib bormoqda. Tramp BRIKSni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday davlatga 10 foizlik boj joriy etishini e’lon qildi. Demak, biz barcha ishlarni to‘g‘ri qilmoqdamiz”, – deb yozgan Rossiyaning sobiq prezidenti Medvedev.

Ma’lumot o‘rnida: 2009 yili Braziliya, Rossiya, Hindiston va Xitoy BRIK deb atalgan norasmiy birlashmaga asos solgandi. 2010 yilda unga JAR qo‘shildi va birlashma nomi BRIKSga aylandi. Keyingi yillarda birlashmaga Misr, Eron, BAA, Efiopiya va Indoneziya qo‘shildi. Birlashmaning kengaytirilgan formati BRIKS+ deb ataladi.

O‘tgan yil oktyabr oyida 13 mamlakat qatori O‘zbekistonga BRIKSning sherik-davlati maqomi berilgan.

Tramp va Medvedevning dahanaki tortishuvi BRIKS mavzusi bilan cheklanmadi.

Tramp kuni kecha Oq uyda Isroil bosh vazirini qabul qilar ekan, Ukrainaga qurol-aslaha yetkazish qayta yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. U, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putindan norozi ekanini ta’kidladi. 

Dmitriy Medvedev Trampning ushbu chiqishiga munosabat bildirar ekan, Trampning ziddiyatli bayonotlariga e’tibor qaratmagan ma’qul ekanini qayd etdi

AQShning amaldagi va Rossiyaning iste’fodagi sobiq prezidentlari iyun oyida ham ijtimoiy tarmoqlarda bahsga kirishgandi.

Medvedev 22 iyun kuni Telegramdagi sahifasida dunyoning bir qator mamlakatlari Eronga jangovar yadro komplektlarini berishga tayyor ekani haqida shov-shuvli post qoldirgandi.

Tramp bunga javoban yadro quroli masalasida o‘ta ehtiyotkor bo‘lish lozimligini uqtirgandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring