Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp va Si Szinpin uchrashuvi: ikki davlat bir yillik savdo bitimiga erishdi

Tramp va Si Szinpin uchrashuvi: ikki davlat bir yillik savdo bitimiga erishdi

Janubiy Koreyadagi Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp va Xitoy rahbari Si Szinpin uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu ikki davlat rahbarining 2019 yildan buyongi ilk shaxsiy muloqoti bo‘ldi.

Uchrashuv qariyb 1 soat 40 daqiqa davom etdi va Tramp uchrashuvni «12 balllik a’lo» deb baholadi. Jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazilmadi, ammo prezident Air Force One bortida jurnalistlarga «uchrashuv juda samarali va do‘stona o‘tganini» bildirdi.

Trampning ma’lum qilishicha, AQSh va Xitoy bir yillik savdo kelishuviga erishgan. U har yili uzaytirib boriladi. Hozirda kelishuvni imzolash uchun «jiddiy to‘siqlar deyarli qolmagan». Shu munosabat bilan AQSh Xitoy tovarlariga qo‘yilgan bojni 57 foizdan 47 foizga tushiradi.

Xitoy dunyodagi kamyob metallar ishlab chiqarish va eksportining asosiy qismiga ega bo‘lib, ilgari Pekin qo‘llagan eksport nazorati ikki davlat munosabatlarini keskinlashtirgandi. Endi esa Xitoy cheklovlarni qisman bekor qilishi kutilmoqda.

Tramp va Si Szinpin Ukrainadagi vaziyatni muhokama qildi. Trampning aytishicha, tomonlar bu borada «birgalikda ishlashga» kelishgan.

Shu bilan birga Tramp aprelda Xitoyga davlat tashrifi bilan borishini, Si Szinpin esa shundan so‘ng AQShga kelishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp Pentagonga yadroviy qurol sinovlarini qayta boshlashni buyurgani aytilgandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bu qaror «boshqa davlatlar ham shunday qadam qo‘yayotgani» uchun qabul qilingan.

Uchrashuvdan keyin Tramp yadroviy qurollar bo‘yicha «yadroviy quroldan voz kechish» masalasini muhokama qilganini ta’kidladi

«Bu ajoyib qadam bo‘lardi. Biz bu haqda Rossiya bilan ham gaplashyapmiz. Agar qadam tashlasak, Xitoy ham bu jarayonga qo‘shiladi», – dedi Tramp.

Bu uchrashuv Trampning Osiyo bo‘ylab safari — Malayziya, Yaponiya va Janubiy Koreyaga tashriflaridan so‘ng yakunlandi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring