Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya mudofaa vaziri aksilterror amaliyoti yana qancha davom etishini aytdi

Turkiya mudofaa vaziri aksilterror amaliyoti yana qancha davom etishini aytdi

Bir necha kun muqaddam Anqarada terakt sodir etgan ikki jangari PKK va PYD guruhlari a’zosi ekani aniqlandi. Bu haqda Turkiya milliy mudofaa vaziri Yashar Gyuler ma’lum qildi.

«Shu munosabat bilan PKK/KCK, PYD/YPG guruhlarining Suriya va Iroqdagi barcha ob’yektlari hamda faoliyati bundan buyon ham bizning qonuniy nishonlarimiz bo‘lishini ma’lum qilaman. Ushbu mintaqalarda qo‘li qon jangarilar yo‘q bo‘lgunga qadar terrorizmga qarshi kurashni shiddat, qat’iyat va izchillik bilan davom ettiramiz», – degan Turkiya milliy mudofaa vaziri.

Joriy yil 1 oktyabr kuni Turkiya ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida terakt sodir etildi. Vazirlik qo‘riqlash bosh boshqarmasining kirish eshigi yaqinida bir terrorchi o‘zini portlatgan, ikkinchisi esa zararsizlantirilgan.

Mamlakat rasmiy idoralariga ko‘ra, terakt Kurdiston ishchi partiyasi (PKK) hamda PYD (Kurdiston ishchi partiyasining Suriyadagi sho‘’basi) tomonidan sodir etilgan.

Qo‘poruvchilik harakati ortidan Turkiya milliy mudofaa vazirligi aksilterror amaliyoti o‘tkazib, terror tashkilotining Iroq shimolidagi 20 ta nishonini yo‘q qilgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Turkiya qurolli kuchlari 5 oktyabr kuni Suriya shimolidagi terror o‘choqlarga ham havo orqali zarba berib, g‘or, bunker, boshpana va omborlardan iborat 30 ta ob’yektni yakson qilgan.

Rasmiy Anqara Iroq va Suriyadagi aksilterror amaliyotini BMT Nizomining 51-moddasiga muvofiq o‘z-o‘zini mudofaa etish huquqi bilan izohlagan.

Avval xabar berganimizdek, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ham Anqara teraktiga munosabat bildirib, qo‘poruvchilik harakatini «terrorchilarning so‘nggi talvasasi» deb atagan edi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring