Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Turkiya turizm bo‘yicha dunyoda birinchi 5 talikka kiradi – Ersoy

Turkiya turizm bo‘yicha dunyoda birinchi 5 talikka kiradi – Ersoy

Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy Gaziantep Madaniyat yo‘li festivalining ochilishidagi nutqida festivalni 4 yil qisqa vaqt ichida yana 7 hududga kirib kelganini mamnuniyat bilan tilga oldi.

«Bu yil 16 ta shaharda o‘tkazgan festivalimiz mamlakatimizning eng yirik va boy brend loyihalaridan biriga aylandi. Umid qilamizki, shaharlarimizning brend qiymatiga katta hissa qo‘shayotgan festivalning salohiyatini yildan-yilga yanada oshiramiz», – deydi u.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, mazkur festival Yevropaning eng nufuzli madaniyat va san’at festivallarini o‘z ichiga olgan Yevropa festivallari assotsiatsiyasiga a’zolikka qabul qilingan.

Turkiya hukumati o‘lka turizmini 12 oyga yetkazish va dunyo turizm daromadidan ancha kuchliroq ulush olish uchun harakat qilayotganligi ta’kidlandi. Natijada bugungi kunda Turkiya dunyoda turizm bo‘yicha birinchi 5 talikdan joy oldi.

«2002-yilda mamlakatimizga 13 million sayyoh keldi va turizmdan olgan daromadimiz 12 milliard dollarni tashkil etdi. Bugun 60 million sayyohni qabul qilish sari qat’iy qadam tashlar ekanmiz, daromadni 60 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilganmiz», – deydi vazir.

Vazir Mehmet Nuri Ersoy Madaniy meros va muzeylar bosh boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurash bo‘limining faoliyatidan so‘ng yana 14 ta tarixiy asar vatanga qaytarilganligini ham ta’kidladi.

«Yillar davomida olib borilgan sa’y-harakatlardan so‘ng Bubon qadimiy shahridan olingan ikkita bronza haykal boshi va monumental bronza ayol haykalidan tashqari, turli davrlarga oid sopol buyumlar, tangalar, zargarlik buyumlari va 14 ta arxeologik va etnografik asarlar, jumladan, Usmoniylar davriga oid ikkita xanjar xalqimiz madaniy merosiga qaytadan qo‘shildi.

2024-yilda 35 asar qaytarildi. 2018 yildan buyon mamlakatimizga 7 ming 839 asar qaytgan bo‘lsa, 2002-yildan buyon 12 ming 154 asarning Turkiyaga qaytarilishini ta’minladik. Bu asarlar ming yillik tariximiz, chuqur ildiz otgan merosimiz timsoli sifatida o‘z joyida saqlanib qoladi va kelajak avlodlarga yetkaziladi», – deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring