«Ukraina adolatli va barqaror tinchlikka sodiq» – Uitkoff
AQSh Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff va Trampning kuyovi Jared Kushner Mayamida Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Rustem Umerov va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andriy Gnatov bilan uchrashdilar.
Trampning maxsus vakili Kiyev va Vashington to‘rt xil hujjatni muhokama qilganini ma’lum qildi. Ular – 20 banddan iborat tinchlik rejasi, xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha turli tomonlarning pozitsiyalarini aniqlashtirish, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga taqdim etadigan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi hujjat hamda iqtisodiy rivojlanishni yanada rivojlantirish rejasi.
«Keyingi qadamlarning muddati va ketma-ketligini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ukraina adolatli va barqaror tinchlikka to‘la sodiq qolmoqda. Bizning umumiy ustuvor vazifamiz – o‘limlarni to‘xtatish, kafolatlangan xavfsizlikni ta’minlash va Ukrainaning tiklanishi, barqarorligi va uzoq muddatli farovonligi uchun sharoit yaratishdir», – deb yozdi Uitkoff «X» tarmog‘ida.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainaning tinchlik sari aniq qadamlar qo‘yishini kutayotganini bir necha bor aytgandi. Shu bilan birga Vladimir Putin urushning tugashini xohlayotganiga ishonch bildirgan edi.
O‘z navbatida, Ukraina Milliy xavfsizlik kengashi kotibi Umerov ham muzokaralardan so‘ng Uitkoffning bayonotiga o‘xshash bayonotni e’lon qildi.
Florida muzokaralaridagi Ukraina delegatsiyasi rahbari o‘zining ijtimoiy tarmoq akkauntlarida bayonotning ukrain tilidagi versiyasini e’lon qildi. Bu AQSh prezidentining maxsus elchisi Uitkoffning «X» tarmog‘idagi sahifasida ham ulashildi. Umerov tomonidan nashr etilgan matn Uitkoffning akkauntida yozganlariga to‘liq mos keladi.
Shuning uchun ba’zi axborot agentliklari ushbu hujjatni Ukraina va AQShning qo‘shma bayonoti sifatida talqin qilmoqda.
Ma’lumot uchun, Rossiya Prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham Mayamida Uitkoff va Kushner bilan suhbatlashgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter