Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar stoliga Ukrainasiz o‘tirish xavfli – Zelenskiy

Urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar stoliga Ukrainasiz o‘tirish xavfli – Zelenskiy

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Amerikaning Associated Press axborot agentligi jurnalistlariga bir soatlik intervyu berib, Rossiyaning uch yillik keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng Ukrainada tinchlik har qachongidan ham yaqinroq ekanini aytdi. U, shu bilan birga, Ukraina vakillari ishtirokisiz urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish g‘oyasini xavfli deb atadi.

Zelenskiy, shuningdek, Rossiya bu urushda o‘zini g‘alaba qozongandek his qilmasligi butun dunyo barqarorligi uchun muhimligini, chunki bu holda boshqa yirik davlatlar ham uning harakatlarini takrorlashi ehtimolini istisno qilmadi.

«Menimcha, agar Amerika va Rossiya o‘rtasida Ukrainasiz urushni tugatish xususida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borilayotgan bo‘lsa, bu juda xavflidir. Ularning o‘z munosabatlari bo‘lishi mumkin. Ammo bizsiz Ukraina taqdiri haqida gapirish hamma uchun xavfli», – dedi Ukraina prezidenti.

Uning tushuntirishicha, «agar prezident Tramp va u urush qanday yakunlanishi borasida kelgusidagi harakatlar rejasini muhokama qilsa», undan keyin har qanday muzokaralar o‘tkazilishi mumkin va bu normal holat.

Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, Tramp bilan so‘nggi uchrashuvlari chog‘ida ular AQShning yangi prezidenti lavozimiga kirishganidan so‘ng imkon qadar tezroq muzokaralar o‘tkazishga kelishib olgan.

Tramp Ukrainadagi urushni tugatish uchun imkon qadar tezroq Putin bilan telefon orqali qo‘ng‘iroqlashishini, keyin esa uchrashuv o‘tkazish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan. U Zelenskiyni bunday muzokaralarga jalb qilishga tayyormi yoki yo‘qligini aytmagan.

«Menimcha, Tramp bilan suhbatimizdan so‘ng biz ruslar bilan qandaydir muloqot formatiga o‘tishimiz kerak. Va men birinchi navbatda Amerika Qo‘shma Shtatlari, Ukraina va ruslarni muzokaralar stolida ko‘rishni istardim. Shu bilan birga, u yerda Yevroittifoqning ham ovozi bo‘lishi kerak. O‘ylaymanki, bu adolatli bo‘lardi», – deydi Zelenskiy.

Zelenskiy, shuningdek, intervyusida Trampning Rossiya va Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Keyt Kellog tomonidan ilgari surilgan urushni 100 kun ichida tugatish rejasiga ham izoh berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQShdagi yangi ma’muriyat Moskvani «to‘liq sanksiya choralari» va Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish orqali mojaroni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga majbur qilishi mumkin.

Ukraina yetakchisi, o‘z navbatida, mamlakat xavfsizligini kafolatlashning eng maqbul varianti uning NATOga a’zoligi ekanligini ta’kidlagan. Qolaversa, u mamlakat AQSh va Yevropadan yetarlicha qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishi hamda o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlanishi kerakligini aytgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring