Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vestminster saroyi xavf ostida

Vestminster saroyi xavf ostida

Foto: London Walks

Londonning eng diqqatga sazovor joylaridan biri — Vestminster saroyiga buzilib tushish xavf solmoqda. Bu haqda Viktoriya va Albert muzeyi direktori Tristram Hantga asoslanib Financial Times xabar berdi.

Hantga ko‘ra, Britaniya parlamenti binosi maymunlar yig‘laydigan holga tushib qolgan. Fasadining tosh qoplamalariga ziyon yetgan, bino xonalaridan zax hidi keladi, yerto‘lasini kalamushlar bosgan. Elektr simlaridagi qisqa tutashuv istalgan paytda saroyda yong‘inga sabab bo‘lishi mumkin. Kamiga, intererlarda ishlatilgan kanserogen asbest kundan-kunga odamlarni zaharlamoqda. Bir so‘z bilan aytganda, Vestminster saroyi «yemirilish»ga yuz tutgan, ta’kidladi Hant.

Saroy restavratsiyaga muhtojligi 2012-yilda tasdiqlangandi. 2015-yilgi hisobotda auditorlar remont boshlansa parlamentning ko‘chishi 3,5 milliard funt sterlingga tushishini hisoblab berishgandi. Bundan tashqari, 32 yil davom etadigan qayta ta’mirlash qiymati 5,7 milliard funtga yetishi aytilgandi. 2022-yilgi xomcho‘tlarga ko‘ra, agar ta’mir boshlansa, saroy 12 yilga yopilishi oydinlashgandi. Yana bir hisob-kitobda xarajatlar 22 mlrd funtgacha, ta’mirlash esa 76 yilgacha davom etishi taxmin qilinib, shu bilan masala o‘z holicha qolib ketgandi.

Temza daryosi bo‘yidagi qirol qarorgohi haqidagi ilk ma’lumotlar XI asrga borib taqaladi. Vestminster saroyi 1860-yillarda zamonaviy ko‘rinishni olgan. Katta yong‘indan so‘ng qayta ta’mirlangandi. Saroyda mingdan ortiq xonalar, taxminan 100 ta zina va bir necha kilometrli koridorlar bor. Saroy minoralaridan biri — Big-Ben Buyuk Britaniya ramzi sanaladi. 1987-yilda Vestminster saroyi UNESCO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring