Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy Oyni o‘ziniki qilib olmoqchi — NASA

Xitoy Oyni o‘ziniki qilib olmoqchi — NASA

Illyustrativ foto

NASA rahbari Bill Nelsonning fikricha, Xitoy kosmosdagi harbiy ishtirokini fuqarolik dasturlari bilan niqoblamoqda. Bu haqda Sky News xabar berdi.

«Ularning aksariyat fuqarolik fazoviy dasturlarini aslida harbiy dasturlar deb hisoblaymiz», — ta’kidladi u AQSh Kongressi  vakillar palatasi yig‘ilishidagi chiqishida.

Xitoy, ayniqsa, so‘nggi 10 yilda «favqulodda, ammo o‘ta maxfiy qadamlar» tashladi, dedi Nelson.

«Ular Oyga qo‘nish sanasini oxirgi marta 2030-yil deb belgilashgandi, biroq sanani tinmay o‘zgartirishyapti. Biz u yerga birinchi yetib borishimiz kerak va tadqiqot kuchlarimizdan tinchlik maqsadlarida foydalanishimiz lozim», — dedi NASA rahbari.

Uning taxminicha, Xitoy agarda Oyga birinchi bo‘lib qo‘nsa,  fazoviy kenglikning bir qismiga o‘z hududi sifatida da’vo qilishi mumkin. «Agar Pekin birinchi bo‘lib yetib borsa: «Bo‘ldi, bu hudud bizniki, uzoqroq yuringlar», deyishi mumkin — ogohlantirdi Nelson.

AQSh mudofaa vazirligi razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyning orbitadagi yo‘ldoshlari soni 499 taga yetgan. Bu 2019-yilgidan ikki baravardan ham ko‘p. Chin yurti o‘z josuslik havo sharlari va gipertovushli raketalarini yaratish bilan ham band.

Xitoy kosmosda ham tadqiqotlar, ham jangovar harakatlar olib borish imkoniyatlarini tinmay oshirmoqda. Ekspertlarga ko‘ra, Xitoy dunyodagi eng kuchli fazoviy davlat — AQShni quvib o‘tish yo‘lida va bu voqea 2045-yil yoki ungacha yuz berishi mumkin.

Pekin Oyga boshqariladigan missiyasini 2030-yilda yuborishga umid bog‘lagan va uning sirtida o‘z bazasini qurmoqchi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring