Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoydan olingan qarz Qirg‘izistonga qimmatga, juda qimmatga tushishi ayon bo‘lmoqda

Xitoydan olingan qarz Qirg‘izistonga qimmatga, juda qimmatga tushishi ayon bo‘lmoqda

Foto: Google Images

Qirg‘iziston aholisidan mamlakatning tobora oshib borayotgan tashqi qarzini uzish uchun xayriya mablag‘i yig‘ish so‘ralmoqda. 2020 yil yakuniga qadar respublikaning tashqi qarzi 5 milliard dollarga yetadi. Uning 45 foizi (1,7 milliard dollar) Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi. Rasmiy Bishkek 2021 yil yanvardan Pekinga qarz to‘lovini boshlashi kerak. Aks holda, Tojikiston yoki Shri-Lanka mamlakatlari kabi tabiiy boyliklari yoki hududi orqali tovon to‘lashi lozim. 

Qirg‘iziston parlamenti deputati Aynura Altiboyevaga ko‘ra, moliya vazirligi maxsus bank hisob raqami ochishga hozirlik ko‘rmoqda. «Toma-toma yig‘ilib ko‘l bo‘lur» – aholidan ushbu raqamga istalgan miqdorda xayriya mablag‘i o‘tkazish so‘ralmoqda. Deputatning ta’kidlashicha, naqd mablag‘i yo‘q vatandoshlar tilla yoki kumush taqinchoqlar ham peshkash qilishi mumkin. Parlament a’zosi shaxsiy o‘rnak sifatida bir oylik maoshini xayriya qilishga so‘z berdi.

Davlat qarzini fuqarolar hisobidan qoplashga urinish avval ham kuzatilgan. Xususan, 2018 yilda Qirg‘iziston hukumati aholidan xayriya mablag‘i yig‘ishni iltimos qilgan. Ammo aksar aholi davlat qarzini korrupsiya yo‘li bilan davlat orttirgan shaxslarning mol-mulki hisobidan qoplashni talab qilgan.

Pul yig‘ish xususidagi navbatdagi chaqiriq ham qirg‘iz jamiyatida keskin norozilik uyg‘otgani aytilmoqda. Yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uzilayotgan pandemiya davri shundoq ham iqtisodiy muammolar domidagi mamlakatni yanada og‘ir holatga soldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashqi qarz hozircha aholi jon boshiga 723,3 dollarga to‘g‘ri kelmoqda. Pandemiya davrida kunini arang ko‘rayotgan raiyatga pul yig‘ish kampaniyasi yoqmasligi aniq. Boz ustiga, aholi Xitoy tomoni mamlakatning tabiiy boyliklari yoki hududini olib qo‘yishidan ham xavotirda. Jamoatchilik korrupsiya yo‘li bilan davlat orttirgan Raimbek Matraimov kabi sobiq davlat mansabdorlaridan pul undirishni talab qilmoqda.

2008 yilga qadar Qirg‘iziston Xitoydan atigi 10 mln dollar qarz olgan. Ammo keyingi yillarda Bishkekning Pekindan qarzi 200 baravarga ortib, qariyb 2 milliard dollarga yetdi.

Yil sayin «tug‘ayotgan» kreditlarning asosiy qismi Almazbek Atambayev prezidentligi davrida olingan. Ayni paytda qamoqda jazo o‘tayotgan sobiq prezident yo‘l, issiqlik stansiyasi va boshqa ob’yektlarni qurish uchun mo‘l-ko‘l qarz ko‘targan.

Do‘ppi tor kelib qolgach, Qirg‘iziston hukumati, xususan, sobiq prezident Sooranboy Jeenbekovning shaxsan o‘zi Xitoy rahbariyatidan qarz to‘lovi muddatini uzaytirishi so‘rab murojaat qildi. Ammo Xitoy tomoni katta boshini kichik qilib so‘rov yo‘llagan Qirg‘iziston yetakchisining iltimosini rad etdi.

The Wall Street Journal nashri tadqiqotlariga qaraganda, so‘nggi yillarda rasmiy Pekin yirik miqdorda kredit ajratish yo‘li bilan rivojlanayotgan mamlakatlarda ta’sir doirasini kuchaytirmoqda.

Kambag‘al davlatlarga ajratilgan kredit miqdori 200 milliard dollardan oshadi. Jahon banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasidan farqli ravishda Xitoy qarz oluvchi tomonga kredit miqdorini oshkor etmaslik shartini qo‘yadi. Kredit to‘lay olmagan davlatlar Xitoyga tabiiy boyliklari yoki hududini berishga majbur bo‘lganiga misollar talaygina.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring