Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana bir xalqqa ochlik tahdid solmoqda

Yana bir xalqqa ochlik tahdid solmoqda

BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturi xalqaro hamjamiyatni Bangladeshdan boshpana olgan rohinja musulmonlari uchun yil oxiriga qadar 81 million dollar ko‘mak ko‘rsatishga da’vat etdi.

Myanma hukumatining ayirmachilik siyosati tufayli Rakxayn (Arakan) shtatidan Bangladeshga qochib o‘tgan yuz minglab rohinja qavmiga oziq-ovqat taqchilligi xavf solmoqda.

BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining Bangladeshdagi direktori Dom Skalpelliga ko‘ra, rohinja musulmonlarining yashab qolishi insonparvarlik ko‘magiga bog‘liqdir. Oziq-ovqat yordamining kamayishi ochlik ko‘lamini yanada oshiradi.

BMTning qochqinlar bo‘yicha oliy komissari Filippo Grandi ham AQSh tomonidan ko‘rsatilayotgan moliyaviy ko‘makning qisqarishi ushbu xalq hayotini yanada og‘irlashtirishidan ogohlantirgan.

Avval xabar berganimizdek, BMT bosh kotibi voizi Stefan Dyujarri rohinja musulmonlari haligacha ta’qib va tazyiq muhitida, og‘ir ahvolda yashayotgani haqida bong urgandi.

Myanmaning Rakxayn shtatida yashab kelgan, o‘ziga xos til va madaniyatga ega bo‘lgan rohinja musulmonlarini ta’qib etish mamlakat Buyuk Britaniyadan mustaqillik e’lon qilgan 1948-yildanoq boshlangan. Davlat to‘ntarishi bilan hokimiyatga kelgan harbiy xuntalar bir necha bor rohinja musulmonlariga qarshi ta’qib amaliyotlari va ommaviy hibs tadbirlarini o‘tkazgan.

Myanmada 1982-yilda qabul qilingan fuqarolik to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra, mamlakatda yashovchi 135 millat vakillari fuqaro sifatida tan olingani holda, rohinja musulmonlari bunday huquqdan mahrum qilingan. 

Myanma hukumatining ta’qib va tazyiq siyosati tufayli so‘nggi o‘n yilliklarda yuz minglab rohinja qavmi qo‘shni mamlakatlarga qochishga majbur bo‘lgan. So‘nggi marta 2017-yil avgust oyida o‘tkazilgan “etnik tozalash”dan keyin Myanmadan Bangladeshga qochib o‘tgan rohinja musulmonlari soni 900 mingdan oshgan. Ayni paytda Rakxayn shtatida 630 mingga yaqin rohinja xalqi aparteid sharoitida yashayotgani aytiladi.

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar rohinja qavmiga nisbatan sodir etilayotgan zulm-zo‘ravonliklarni etnik tozalash va genotsid deb hisoblaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring