Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Zamonaviy Isroil tarixida bunday hol kuzatilmagan...

Zamonaviy Isroil tarixida bunday hol kuzatilmagan...

Foto: “Reuters”

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu ustidan sud jarayoni yana qayta boshlandi.

Mahkamaning ilk kuni prokuror Liat ben Ari bosh vazir o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida ommaviy axborot vositalaridan foydalanganini ma’lum qildi. Hukumat rahbari va “Likud” partiyasi yetakchisi poraxo‘rlik, tamagirlik, budjet mablag‘ini talon-toroj qilish, firibgarlik hamda mansab vakolatini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarda ham ayblanmoqda.

Tergov xulosasiga ko‘ra, siyosatchi aloqa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan paytda “Bezeq” telekommunikatsiya konserniga huquqiy imtiyozlar bergan. Buning evaziga shirkat nazoratidagi ommaviy axborot vositalari Netanyahu faoliyati haqida ijobiy mazmundagi materiallar e’lon qilgan.

Bosh vazir, shuningdek, mamlakatdagi yirik noshirlik uylaridan biri — “Yedioth Ahronoth” rahbariyati bilan yashirin muzokara olib borgan. Netanyahu noshirlik uyi hukumat siyosatini ijobiy rakursda tasvirlasa, ularning raqobatchilari faoliyatini cheklovchi qonun hujjati qabul qilishga va’da bergan.

Qayd etilishicha, bosh vazir va uning oilasi 2007-2016-yillarda amerikalik Arnon Milchen va avstraliyalik biznesmen Jeyms Pakerdan qimmatbaho sovg‘a-salomlar ham olib kelgan.

Netanyahuning o‘zi barcha ayblovlarni rad etgan va sud jarayonin arvoh oviga qiyoslagan.

Aslida Netanyahu ustidan sud jarayoni 2020-yil 24-mayida boshlangan, ammo mamlakatda saylov o‘tishi munosabati bilan mahkama tanaffus e’lon qilgan edi.

Binyamin Netanyahu bosh vazir lavozimida sudga tortilgan ilk siyosatchi sifatida Isroil tarixiga kirmoqda. Mamlakat qonunlariga muvofiq, hukumat rahbari garchi mahkamaga tortilayotgan bo‘lsa-da, o‘z lavozimida qolishi mumkin. Ammo sud uni aybdor deb topsa, vazifasidan bo‘shatiladi. Ayni choqda, sud qoraluv hukmi chiqargan taqdirda ham apellyasiya jarayoni uzoq muddatga cho‘zilishi mumkin.

Netanyahu 2020-yil 17-may kuni bosh vazir sifatida qasamyod qildi. Bu – siyosatchining hukumat rahbari lavozimidagi beshinchi vakolat muddatidir. Ammo mamlakatda yuzaga kelgan siyosiy tanglik ortidan joriy yil 23-mart kuni qayta parlament saylovi o‘tkazildi.

Sud jarayoni yangi hukumat shakllantirish jarayoniga ham to‘g‘ri kelmoqda. Yaqin kunlarda Isroil prezidenti parlament saylovida yetakchi o‘rinni egallagan partiya rahbarlari bilan maslahatlashuv o‘tkazadi. Hukumatni shakllantirish eng ko‘p ovoz olgan partiya yetakchisiga topshiriladi. 23-mart kungi saylovda Netanyahuning “Likud” partiyasi 30 ta deputatlik o‘rnini olishga muvaffaq bo‘ldi. Ammo hukumatni shakllantirish uchun Netanyahudan muxolif partiyalar bilan koalitsiya tuzish talab etiladi. Agar partiyalar o‘zaro ittifoqqa kela olmasa va hukumat shakllantirilmasa, Isroilda so‘nggi ikki yilda beshinchi marta parlament saylovi o‘tkazishga to‘g‘ri keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring