Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mahalla: an’anadan zamonaviy boshqaruvga

Mahalla: an’anadan zamonaviy boshqaruvga

Foto: Xabar.uz

O‘zbek jamiyatining tarixiy xotirasida mahalla oddiy hududiy chegara emas, balki insonlar taqdirini bog‘lovchi ma’naviy rishta va yuksak qo‘shnichilik madaniyatini shakllantiruvchi hayot maktabidir. Keksalarning duosi, yoshlar tarbiyasi, mehr-shafqat, hashar va hamjihatlik kabi milliy qadriyatlar aynan shu muhitda kamol topgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning haqiqiy samarasi mahalladagi ijtimoiy muhit, aholi farovonligi va adolat hissi bilan o‘lchanadi. Mahalla qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat barqarorligi va inson qadri shunchalik yuksaladi, taraqqiyot esa xalqqa yanada yaqinlashadi.

Aholining kundalik ehtiyojlaridan tortib, yirik ijtimoiy dasturlar ijrosigacha bo‘lgan masalalarning mahalla darajasida hal etilayotgani ushbu institutning davlat boshqaruvidagi o‘rnini yanada kuchaytirdi. «Xalq davlatdan rozi bo‘lishi uchun, avvalo, mahalladan rozi bo‘lishi kerak», degan tamoyil islohotlarning muhim mezoniga aylandi. Muammolarni mahalla va xonadon kesimida o‘rganib, manzilli yechim topish tizimi shakllantirildi.

Shu maqsadda mahallabay va xonadonbay ishlash tizimi joriy etildi. Endi har bir mahallaning iqtisodiy va ijtimoiy holati, aholi bandligi, daromad manbalari, tomorqadan foydalanish imkoniyatlari, tadbirkorlikka qiziqishi va ehtiyojlari muntazam o‘rganilmoqda.

Bu tizim har bir xonadonning imkoniyatlarini hisobga olish, aholini o‘z mehnati va tashabbusi orqali barqaror daromad topishga rag‘batlantirishga qaratildi. Shu maqsadda aholi bandligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirishning yangi mexanizmlari joriy etildi. Xususan, har bir mahallada iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullanuvchi hokim yordamchilari ish boshladi. Ular ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, mahalladagi mavjud imkoniyatlarni ishga solish va yangi ish o‘rinlari yaratish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, ishsiz fuqarolar hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilgan aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun manzilli qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari joriy etildi.

Masalan, asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilish uchun 7 million so‘mgacha, xotin-qizlarga esa 10 million so‘mgacha subsidiya ajratish amaliyoti joriy etildi. Yangi tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlarining dastlabki uch oylik ijara xarajatlari esa davlat tomonidan qoplab berildi.

Umuman olganda, qisqa vaqt ichida 48 ming 503 nafar fuqaroga jami 196,7 milliard so‘m ajratildi. Ularning 39 ming 749 nafari xotin-qizlar, yo‘naltirilgan mablag‘ esa 163,7 milliard so‘m. «Ayollar daftari»ga kiritilgan 23 ming 199 nafar xotin-qiz 110,7 milliard so‘mlik davlat qo‘llab-quvvatlashidan foydalandi.

Bu tizimni yanada takomillashtirish maqsadida «mahalla yettiligi» instituti tashkil etildi. Uning tarkibiga mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori hamda soliq vakili kirdi. Bu orqali mahalladagi iqtisodiy, ijtimoiy va huquqiy masalalar o‘zaro muvofiqlashtirilgan yagona tizim asosida ko‘rib chiqilib, aniq natijaga yo‘naltirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yangihayot tumanidagi Xushnud mahallasi faollari va nuroniylari bilan uchrashuvi, 2024-yil noyabr

Bu o‘zgarishlar aholi bilan davlat o‘rtasidagi masofani qisqartirishga qaratilgan. Odamlar avval bir necha idoraga murojaat qilishga majbur bo‘lgan ko‘plab masalalarni mahalla orqali hal qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

O‘tgan yil oktyabriga qadar olingan ma’lumotlarga ko‘ra, yangi yondashuvlar asosida 7,5 million nafar fuqaro kambag‘allikdan chiqdi, ishsizlik darajasi ikki barobar qisqargan. Mahallalarning 3,5 mingtasi qiyofasi zamonaviy ko‘rinishga keltirildi.

Shu yilning 18-iyul kuni «Humo Arena»da poytaxtning 585 ta mahallasi «mahalla yettiligi» vakillari hamda tuman hokimliklari rahbarlari ishtirokida yirik uchrashuv o‘tkazildi. Timbilding formatida tashkil etilgan tadbirda besh mingdan ortiq kishi qatnashdi.

«Humo Arena»dagi uchrashuv.
Foto: Tashkent.uz

Poytaxt hokimi Shavkat Umurzoqov ta’kidlashicha, mahalla tizimidagi eng muhim natijalar aholi bilan doimiy muloqot va ularning muammolarini tinglash orqali qo‘lga kiritildi. Uning qayd etishicha, mahallalar odamlarning dardi va ehtiyojini eshitmaganida, bugungi natijalarga erishish qiyin bo‘lar edi.

«Humo Arena»dagi uchrashuv.
Foto: Tashkent.uz

Hokim fikricha, mahalla faoliyatining asosiy o‘lchovi — hududda tinchlik va xavfsizlik ta’minlangani, aholining davlat siyosati va amaliy ishlardan roziligidir. Ana shu mezonlar bajarilsa, demak, «mahalla yettiligi» o‘z vazifasini samarali bajarayotgan bo‘ladi.

«Biz shunday tizim yaratyapmizki, mahallada topilgan mablag‘ shu mahallaning o‘ziga sarflanadi. Bu jarayon to‘liq raqamlashtiriladi», — dedi Umurzoqov.

Joriy yilning 16-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish va infratuzilmani yaxshilashga qaratilgan yangi vazifalar belgilab berildi.

Prezidentning ta’kidlashicha, 2026-yilda infratuzilmani yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida har bir tumanga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, har bir mahallaga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilgan.

Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushumlarni shakllantirishga oid vakolatlari kengaytirildi. Buning natijasida hududlarda qoladigan qo‘shimcha daromad ikki barobargacha oshdi: tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘m, mahalla budjetlarida esa o‘rtacha 150–200 million so‘m qo‘shimcha mablag‘ shakllandi.

Mahalla budjetlarini mustahkamlashga qaratilgan yangi moliyaviy mexanizmlar ham ishga tushirildi. Jumladan, mahallada qoladigan yer va mol-mulk solig‘i ulushi 10 foizdan 15 foizga oshirildi. Sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilish uchun undiriladigan jarimalarning ham 10 foizi mahalla budjetiga yo‘naltirilmoqda.

Mahallalar 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh davlat obyektlarini sotuvga chiqarish vakolatiga ham ega bo‘ldi. Bu kabi mexanizmlar mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirib, ularni iqtisodiy rivojlanishning faol ishtirokchisiga aylantirishga xizmat qiladi.

Mahalladagi iqtisodiy o‘zgarishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri banklar bilan hamkorlik bo‘ldi. Endi mahalla bankiri faqat kredit ajratuvchi emas. U hududning iqtisodiy salohiyatini baholaydi, «o‘sish nuqtalari»ni aniqlaydi, tashabbuskorlarni birlashtiradi va daromad keltiradigan loyihalarni shakllantirishga ko‘maklashadi.

So‘nggi olti oyda banklar kichik loyihalarni moliyalashtirish uchun 18,5 trillion so‘m resurs ajratdi. Bu mablag‘lar hisobiga 110 mingta mikroloyiha yo‘lga qo‘yilib, 259 ming nafar aholi ish bilan ta’minlandi.

Bankir va mahalla: Farg‘onada o‘tkazilgan timbilding qatnashchilari.
Foto: Xabar.uz

Bu yondashuvning samarasi ayrim hududlarda amaliy misollarda ham namoyon bo‘lmoqda. Xususan, Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi Yangiobod mahallasida 2 kilometr zovur usti yopilib, 110 ta servis obyekti ishga tushirildi. Buning samarasida 1 ming 225 nafar aholi barqaror daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Jizzax viloyatining Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasida esa 20 ta xonadonga 50 million so‘mdan kredit ajratilib, mehmon uylari tashkil etildi. Bu xonadonlarning har biri mavsumda 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ushbu tajribaning samarasini ko‘rgan yana 80 ta oila ham shu faoliyat bilan shug‘ullanishni boshladi.

Eng muhim o‘zgarish shundaki, hududdagi yer, bo‘sh binolar, inson salohiyati va tadbirkorlik tashabbuslari iqtisodiy o‘sish manbai sifatida baholanib, ulardan samarali foydalanishga intilish kuchaymoqda.

Mahalla — xizmatlar, ijtimoiy himoya va xavfsizlik markazi

Mahalla islohotlari iqtisodiy soha bilan cheklanmaydi. Keyingi yillarda davlat xizmatlari, ijtimoiy himoya va xavfsizlikka oid ko‘plab vazifalar ham mahalla darajasiga o‘tkazildi. Buning asosiy g‘oyasi oddiy: fuqaro kundalik hayotida duch keladigan masalalarni turli idoralar o‘rtasida sarson bo‘lmay, imkoni qadar o‘z mahallasida hal qilishi kerak.

Bugun «mahalla yettiligi» orqali qariyb 100 turdagi xizmat ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda davlat xizmatlarini bevosita mahalla darajasiga olib tushirish ishlari izchil davom etmoqda.

Masalan, Norin tumanidagi Yangi Namangan mahallasida Axborot va xizmat markazi tashkil etildi. U yerda atrofdagi sakkizta olis mahalla aholisiga bir joyning o‘zida 980 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda.

Norin tumanining Yangi Namangan mahallasidagi Axborot va xizmat markazi.
Foto: O‘zA

Sirdaryo viloyatining Xovos tumanidagi Qahramon mahallasida ham Vengriyaning «aqlli qishloq» tajribasi asosida shunday markaz barpo etilmoqda. Bu kabi loyihalar mahallani aholi uchun zamonaviy va qulay infratuzilma shakllanayotgan hududga aylantirmoqda.

Mahallaning yangi vazifalari ijtimoiy himoya sohasida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Endilikda ehtiyojmand oilalarni aniqlash, ularning sharoitini baholash va manzilli yordam ko‘rsatishda mahallaning o‘rni tobora kuchaymoqda.

Ayni paytda tizimda yechimini kutayotgan muammolar ham saqlanib qolmoqda. Tahlillar ayrim hududlarda ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy reyestrga kiritishda kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi. Xususan, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz rad etilgani aniqlangan.

Bu raqamlar mahalla zimmasiga yangi vakolatlar bilan birga katta mas’uliyat ham yuklanganini anglatadi. Chunki mahalla aholining ehtiyojini eng yaxshi biladigan bo‘g‘in sifatida davlat ko‘magi haqiqatan ham unga muhtoj insonlarga yetib borishida hal qiluvchi o‘rin tutadi.

Ijtimoiy xizmatlar ko‘lami ham bosqichma-bosqich kengaymoqda. Yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish va ijtimoiy uylarga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahalla darajasiga olib tushirish rejalashtirilgan.

Ehtiyojmand aholi qatlamlari uchun yangi xizmat shakllari joriy etilmoqda. Masalan, 250 ta mahallada demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun kunduzgi hamda uyda parvarish xizmatlari yo‘lga qo‘yilib, «Madad» uylari tashkil etiladi. Yana 75 ta mahallada keksalar uchun «Faol hayot» dasturi, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun esa «Qo‘llab-quvvatlash markaz»lari tashkil etish rejalashtirilgan.

Mahalla faoliyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash ham ustuvor vazifalardan biriga aylanmoqda.

So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1 ming 162 ta mahallaning 571 tasida joriy yilda birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Profilaktika ishlarini kuchaytirish, videokuzatuv tizimlarini o‘rnatish, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar barpo etish hamda oilalar bilan manzilli ishlash jinoyatchilikning kamayishida muhim omil bo‘ldi.

Xavfsizlikni ta’minlashda raqamli texnologiyalar ham kengroq qo‘llanilmoqda. Namangan viloyatida profilaktika inspektorlari uchun yon kameralari va planshetlar bilan integratsiya qilingan raqamli tizim joriy etildi. U orqali fuqaroni identifikatsiya qilish, ma’muriy bayonnomalarni rasmiylashtirish va materiallarni sudga yuborish jarayonlari avtomatlashtirildi. Bu esa profilaktika inspektorlarining ish yuklamasini kamaytirish bilan birga, ayrim mahallalarda jinoyatlar sonini ikki barobar qisqartirish imkonini berdi.

Prezident yig‘ilishlarida ta’kidlanganidek, bugun hokimlar, mahalla raislari va «mahalla yettiligi» a’zolari hududdagi muammolarni hal etish uchun yetarli vakolat va resursga ega. Endi e’tibor ularning mavjud imkoniyatlardan qay darajada samarali foydalanayotganiga, tashabbuskorligi va aniq natija ko‘rsata olishiga qaratilmoqda.

Mahalladagi tashabbuslarni rag‘batlantirishning yangi vositalari joriy etilmoqda. Jumladan, ijtimoiy muammolarni hal qilish, hududni obodonlashtirish va aholi daromadini oshirishga qaratilgan loyihalar uchun «mahalla yettiligi»ga 10 million so‘mdan grant ajratish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Agar mamlakatdagi 8 ming 992 ta mahallaning har birida kamida bittadan shunday loyiha amalga oshirilsa, bu hududlarning ichki imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish va mahalla muhitini sezilarli o‘zgartirishga xizmat qilishi mumkin. Buning uchun 240 milliard so‘mlik resurs shakllantiriladi.

2026-yilda mahallalar budjetida 600 milliard so‘m qolishi rejalashtirilgan edi. Keyin qabul qilingan qarorlar esa mahallalarning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirdi. Yer va mol-mulk solig‘idan mahallada qoladigan ulushning oshirilishi, bo‘sh davlat obyektlaridan samarali foydalanish hamda qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish mahallalar ixtiyorida qoladigan mablag‘larni sezilarli ko‘paytirmoqda.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur choralar mahalla budjetlariga tushumlarni joriy yilda 1,6 trillion so‘mga, kelasi yildan esa 2 trillion so‘mgacha yetkazishi kutilmoqda

Mahalla o‘z ichki imkoniyatlarini ishga soladigan va mustaqil rivojlanish salohiyatiga ega tizimga aylanishi kerak — o‘zgarishlardan ko‘zlangan maqsad shu. Mahallalar rivojida obodonlashtirish, yashash muhitini yaxshilash va aholi uchun qulay sharoit yaratish ham ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. 2026-yilning «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» deb e’lon qilinishi ham bu yo‘nalish davlat siyosatida ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi.

Poytaxtning Yunusobod tumanidagi «Qashqar» mahallasi sport maydonchasi.
Foto: Xabar.uz

Mamlakatimiz bo‘ylab «Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi» o‘tkazilmoqda, «Eng obod ko‘cha», «Eng fayzli hovli» va «Eng namunaviy mahalla» kabi tanlovlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu tashabbuslar faqat hududlarni obodonlashtirishga emas, balki tozalik, saranjomlik, daxldorlik hissini mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga ham xizmat qilmoqda.

Mustaqillikning 35 yilligi arafasida mahalla institutining vazifasi va o‘rni sezilarli o‘zgardi. Bugun mahalla an’anaviy ijtimoiy institutdan aholiga eng yaqin boshqaruv bo‘g‘iniga aylanmoqda. Buning asosida odamlar bilan ishlashning yangi tamoyili yotadi: muammoni oqibatini bartaraf etish emas, uni oldindan aniqlash, xonadonbay ishlash, insonning o‘z imkoniyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish. Zero, har qanday o‘zgarishning haqiqiy bahosi qarorlar yoki vakolatlarda emas, odamlar hayotida qay darajada sezilayotganida namoyon bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring