AI-80 benzinini AI-92 deb sotgan «zapravka»lar aniqlandi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan.
Qo‘mita mamlakatimizning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yonilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazgan, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham o‘rganildi.
Qonunbuzarliklar Samarqand viloyatidagi «Triada ekspress servis» MChJ, «Turop Godir» MChJ va «Muxammad neft oil» MChJ kabi yonilg‘i quyish shoxobchalarida aniqlandi.
Sirdaryo viloyatidagi «SAID AGSM TEX SERVIS», «Bekzod-5», «Murod Maqsad Trans» va «LUX PETROL» MChJlarga qarashli yonilg‘i quyish va boshqa shu kabi shoxobchalarda ham shunday holatlar kuzatilgan.
Yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek,iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik natijasida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi.
Ayni paytda Qo‘mita tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan birja auksionlarida xarid qilingan va yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli o‘rganib chiqilayotganini ham ma’lum qilingan.
Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda.
O‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etilgan.
Avvalroq energetika vazirligi respublika bo‘yicha 109 ta tadbirkorlik sub’yektlariga tegishli xususiy AYoQShlarda bir qator qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilganligini (narxni asossiz ravishda oshirib sotish, kamomadga yo‘l qo‘yish, sifatsiz mahsulot tarqatish, kam quyish va boshqa holatlar) aniqlagandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter