Buzuq mashina sotgan «UzAuto Motors»dan katta miqdorda pul undirildi
Buxorolik fuqaro sotib olgan avtomashina nosoz bo‘lib chiqqach, «UzAuto Motors»dan 209 million so‘m undirdi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Buxoro viloyatida yashovchi fuqaro A.Nazarov federatsiyaga murojaat qilgan.
Fuqaro A.Nazarov va «G‘ijduvon Avtotexxizmat» MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaga asosan umumiy qiymati 398.000.000 so‘m bo‘lgan avtomashinani xarid qilgan, shartnomada ko‘rsatilganidek, avtomobil 7500 km yurgandan so‘ng moyini almashtirish maqsadida «Buxoroavtotexxizmat»ga murojat qilgan, ustalar mashinani ko‘zdan kechirish paytida unda nosozlik borligini ma’lum qilishgan.
Iste’molchi holat yuzasidan bir necha marotaba «G‘ijduvon Avtotexxizmat» MChJga murojaat qilgan, korxona kafolat muhandisi nosoz detallni 3 oyda olib kelib berishini aytgan. Biroq, oradan qariyb 1 yil vaqt o‘tsa ham muammo yechimsiz qolavergan.
Shundan so‘ng federatsiya xodimlari tomonidan Buxoro tumanlararo sudiga davo ariza kiritildi. Sud qaroriga asosan «UzAuto Motors» AJdan iste’molchi foydasiga 199.000.000 so‘m moddiy va 10.000.000 so‘m ma’naviy zarar, qolaversa, davlat foydasiga 14.768.800 so‘m mablag‘ undirildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter