Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Erdo‘g‘on ilk milliy elektromobilni haydab ko‘rdi

Prezident Erdo‘g‘on ilk milliy elektromobilni haydab ko‘rdi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Kojaeli viloyatidagi poligonga tashrif buyurib, mamlakatning ilk elektromobilini shaxsan sinovdan o‘tkazdi. Unga Turk avtomobili tashabbus guruhi (TOGG) boshqaruvi raisi Mehmet Gyurjan hamrohlik qilgan. Erdo‘g‘on elektromobilni haydayotgani aks etgan videolavhani uning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida e’lon qilindi.

Avval xabar berganimizdek, Turkiyada ishlab chiqarilayotgan avtomobillar 2023 yilning birinchi choragida bozorlarda paydo bo‘ladi. Bursadagi avtozavod 5 turdagi yengil mashina ishlab chiqarishi ko‘zda tutilgan.

Turkiya 2018 yildan milliy avtosanoatni yo‘lga qo‘yish borasida jiddiy qadam tashladi. O‘sha yili mamlakat prezidenti farmoni bilan Turk avtomobili tashabbus guruhi (TOGG) tuzildi. Besh sanoat giganti – Anadolu Group, BMC, Kök Group, Turkcell hamda Zorlu Holding milliy avtomobil sanoatini yo‘lga qo‘yish uchun chora-tadbirlar ko‘rishga kirishdi.

2020 yil 18 iyulda Bursa viloyatining Gemlik tumanida avtozavodga tamal toshi qo‘yildi. R.T.Erdo‘g‘on avtozavod bunyod etilishini 60 yillik orzuning ro‘yobga chiqishi deb baholagan.

2023 yilning birinchi choragida SUV sotuvga chiqariladi. Keyinroq Sedan, Hatchback, B-SUV, C-MPV kabi avtoulovlar xaridorlarga yetkaziladi. 4300 nafar xodim mehnat qiladigan zavodda yiliga 175 ming dona avtomobil ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkichni bir million donaga yetkazish maqsad qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring