Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoyda «koreyscha prava» rasm bo‘libdi

Xitoyda «koreyscha prava» rasm bo‘libdi

Foto: «Weibo»

Oxirgi paytlarda xitoylik sayyohlar Janubiy Koreyaga tanda qo‘yib qolishdi. Qiziq, nega? Shundoqqina Yaponiya turganida...

Bilamizki, Xitoy turli cheklovlar, qattiq talablar mamlakati.

Masalan, haydovchilikka o‘qishni olaylik. Xitoy haydovchilikka o‘qish majburiy dasturi — 63 soat, oxirida bir nechta imtihondan o‘tish kerak. Bittasidan yiqildingmi, bas, keyingi urinishni yana 10 kun kutasan. Bir nechta imtihondan o‘tolmaganlarning holiga maymunlar yig‘laydi — boshqatdan o‘qishga to‘g‘ri keladi.

Xullas, Xitoyda «prava» olish — olti oydan bir yilgacha ovoragarchilik degani.

Xuddi shu pallada sahnaga xitoylik uddaburonlar chiqishadi... va Janubiy Koreyaga bir haftaga sayohatga jo‘navorishadi.

Janubiy Koreyada haydovchilik guvohnomasini olish ancha oson: o‘qishga 5 kun ketadi (jami 13 soat). To‘lovi — taxminan 500 dollar. Aytishlaricha, 70-80 foiz holatda birinchi urinishdayoq imtihondan o‘tisharkan. O‘tolmaganlarga 3 kundan keyin yana imkoniyat beriladi, qayta o‘qish talab etilmaydi.

Ana endi masalaning mohiyatiga yetib keldik: Xitoyda «koreyscha pravalar» mahalliysiga hech qanaqa imtihonlarsiz almashtirib beriladi!

Shuning uchun ham yiliga bir necha ming nafar xitoylik fuqaro sayyohlik vizasi bilan bir hafta «dam olgani» Janubiy Koreyaga ketmoqda. «Ham sayohat, ham tijorat» degan naqlning xitoycha talqini shu bo‘lsa kerak-da: ham haydovchilik guvohnomasi oladi, ham tomosha qilgani qoladi.

Ammo janubiy koreyalik avtomaktab sohiblarini xafa qiladigan yangilik ham yo‘q emas: aytishlaricha, Xitoyda «koreyscha prava» egalarini tushovlashmoqchi, deyishmoqdaki, bunaqa layfxakerlarni yo‘lga chiqarish juda xavfli!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring