JCh-2018. Braziliya pley-offda Germaniyani tanlaydimi yoki... «E» guruhi anonsi

Jahon chempionati doirasida bugun «F» va «E» guruhida yakunlovchi 3-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Biroz avval «F» guruhi anonsini taqdim qilgandik. Quyida «E» guruhidagi holat bilan tanishtiramiz.
27-iyun. 3-tur. «E» guruhi. Serbiya – Braziliya
Serbiya o‘tgan turda Shveysariyadan so‘nggi daqiqalarda gol o‘tkazib yuborib, mag‘lub bo‘ldi. Endi ular guruhdan chiqish uchun mundialning asosiy favoriti — Braziliyani mag‘lub etishlari lozim. Serblar durang holatida ham chiqishi mumkin, ammo bunda ularning taqdiri ikkinchi juftlik natijasiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Aniqrog‘i, buning uchun Shveysariya terma jamoasi Kosta-Rikaga ikki to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lishi kerak.
Braziliya terma jamoasi hozircha yorqin o‘yin namoyish etgani yo‘q. Qolaversa, tarkibda yo‘qotishlar ham bor: Danilo va Duglas Kosta jarohat sabab jamoaga yordam bera olmaydi.
Taxminiy tarkiblar
Serbiya: Stoykovich – Ivanovich, Milenkovich, Toshich, Kolarov – Milivoyevich, Matich – Tadich, Milinkovich-Savich, Lyaich – Mitrovich.
Braziliya: Alisson – Fagner, Tiago Silva, Miranda, Marselo – Paulino, Kazemiro, Koutino – Villian, Jezus, Neymar.
Qiziqarli faktlar
Serbiya (Yugoslaviyani ham hisobga olganda) va Braziliya JChda 4 bora duch kelishgan. Natijalarda mutlaqo tenglik: har birida bittadan g‘alaba va ikki durang.
Braziliya barcha turnirlarni hisobga olganda, 13 o‘yindan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmayapti, bu o‘yinlarda jamoa bor-yo‘g‘i 3ta gol o‘tkazib yuborgan.
27-iyun. 3-tur. «E» guruhi. Shveysariya – Kosta-Rika
Kosta-Rika turnirni tark etib bo‘ldi. Biroq Shveysariyani yenggan holda chiqish eshiklarini qattiq yopib ketishi mumkin. Biroq shu holatda ham shveysarlarda guruhdan chiqish ehtimoli bor, agar parallel uchrashuvda Braziliya g‘alaba qozonsa.
Jamoa yetakchisi Shakiri va jamoadoshlarining shashti hozir juda baland. Ular nafaqat turni g‘alaba bilan yakunlash, balki guruh peshqadami bo‘lish uchun ham maydonga tushishadi.
Taxminiy tarkiblar
Shveysariya: Zommer – Lixtshtayner, Sher, Akandji, Rodriges – Bexrami, Djaka – Shakiri, Dzemaili, Suber – Gavranovich.
Kosta-Rika: Navas – Akosta, Gonsales, Duarte – Gamboa, Borges, Guzman, Kalvo – Ruis, Venegas – Urenya.
Qiziqarli faktlar
Jamoalar o‘zaro uchinchi o‘yinini o‘tkazishadi. Bungacha ular bittadan g‘alaba almashishgan.
Kosta-Rika JChning so‘nggi besh o‘yinidan buyon g‘alaba nimaligini bilmayapti, jamoa bu o‘yinlarning to‘rttasida gol ham ura olmagan.
Pley-offdagi raqib tanlanadimi?
Ushbu «E» guruhidagi uchrashuvlar boshlanguniga qadar «F» guruhidagi o‘yinlar yakunlangan bo‘ladi. Germaniya, Meksika yoki Shvetsiya qaysi o‘rinlarni olgani oydinlashadi. Demak, «E» guruhi vakillari nimchorakda kim bilan o‘ynashini qaysidir ma’noda tanlashi ham mumkin. Deylik, Germaniya «F» guruhida 1-o‘rinni olsa, «E» guruhi 2-o‘rindagi jamoasi bilan o‘ynaydi, yoki aksincha. Xo‘sh, Braziliya shu bosqichdanoq Germaniyaga duch kelishni istaydimi? O‘tgan safargi mundialdagi sharmandali hisobni braziliyaliklar unuta olishganmi? Yoki revansh olish uchun hozir ayni qulay fursat deb hisoblashadimi? Buni ham kuzatish qiziq bo‘ladi.
Uchrashuvlar vaqti
23:00 Serbiya - Braziliya
23:00 Shveysariya - Kosta-Rika
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter