Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

«Omadsiz» Husanov

«Omadsiz» Husanov

Abduqodir Husanov — Angliya kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik. 2026-yil 16-may.

Foto: Getty Images

Somerset Moemning «Cherkov xizmatchisi» hikoyasida Albert Forman ismli qahramon 16 yil davomida cherkovda sidqidildan xizmat qiladi.

Ammo kunlarning birida yangi tayinlangan ruhoniy uning o‘qish va yozishni bilmasligini, ya’ni mutlaqo savodsizligini aniqlab, uni shartta ishdan bo‘shatadi. Xo‘rlangan va g‘amgin holda ko‘cha aylanib yurgan Albert tamaki sotib olmoqchi bo‘ladi, lekin shu atrofda birorta ham tamaki do‘koni yo‘qligini payqaydi. Shu zahoti uning kallasiga ajoyib g‘oya keladi: u o‘sha yerda kichik tamaki do‘konchasi ochadi.

Ishlari shu qadar yurishib ketadiki, oradan yillar o‘tib, u Londonda o‘nlab do‘konlarga ega bo‘lgan yirik, millioner tadbirkorga aylanadi. Bir kuni bank boshqaruvchisi muhim hujjatlarga imzo qo‘yishni so‘raganda, Albert o‘zining savodsizligini tan oladi. Bankchi hayratdan yoqa ushlab: «Agar savodli bo‘lganingizda, hozir kim bo‘lardingiz-a, Albert?» deb so‘raydi. Millioner esa jilmayib: «Agar savodim bo‘lganida, hozir ham Sent-Piter cherkovida oddiy xizmatchi bo‘lib yurgan bo‘lardim», deya javob beradi.

Bu mumtoz qahramonning qismati bugun o‘zbek futbolining porloq yulduzi Abduqodir Husanovning hayotiy ertagini yodga soladi. Bir paytlar mahalliy «Bunyodkor» klubining asosiy tarkibiga kira olmay, «ehtiyojdan tashqari» deb hisoblangan ushbu «omadsiz» futbolchi bugungi kunga kelib sayyoramizning eng kuchli klublaridan biri — Angliyaning «Manchester Siti» jamoasida to‘p surmoqda.

2031-yilga qadar uzaytirilgan shartnomaga ko‘ra, Abduqodir yiliga 7,5 million yevro maosh olmoqda. Bu oyiga taxminan 625 000 yevro, haftasiga 144 000 yevro, kuniga esa qariyb 20 500 yevrodan ko‘proq mablag‘ deganidir.

Taqqoslash uchun: «Bunyodkor» klubining o‘rtacha futbolchisi oyiga taxminan 25 million so‘m maosh oladi. Demak, bugungi kunda transfer bahosi 50 million yevroga baholanib, Osiyoning eng qimmatbaho himoyachisi sifatida e’tirof etilayotgan Husanov o‘zining sobiq jamoadoshlaridan naqd 340 marta ko‘proq daromad qiladi.

Abduqodir o‘z vaqtida «Bunyodkor»ning asosiy tarkibiga kirganida, balki hozir ham mahalliy chempionatimizda o‘rtamiyona o‘yin ko‘rsatib, o‘zi o‘rgangan va moslashgan «komfort zonasi»da yurgan bo‘larmidi, xuddi savodi bo‘lganida cherkovdan nariga o‘ta olmagan Albert Forman kabi.

Shu bois, hayot sizni o‘zingiz o‘rgangan, issiqqina joyingizdan surib chiqarsa, sinovlar bilan siylasa, aslo xafa bo‘lmang va tushkunlikka berilmang. Zero, siz uchun bitta eshikning zanjirlanib yopilishi — orqada undan o‘n chandon ulkanroq, porloqroq ufqlar va imkoniyatlar darvozasi ochilayotganining belgisidir. Muhimi — to‘xtamaslik, maqsad sari intilish va o‘z «tamaki do‘koni»ngizni, o‘z «Manchester Siti»ngizni topa olishdir.

P.S. Darvoqe, bugun «ManSiti» «Brayton»ga qarshi o‘ynaydi. «Omadsiz» Husanovga omad tilaymiz!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring