«Ronalduning parvozi»: Portugaliya Gana ustidan qiyin g‘alabaga erishdi
Bugun, 24-noyabr kuni Qatardagi jahon chempionatining 1-turi doirasida H guruhi vakillari — Portugaliya va Gana o‘zaro kuch sinashdi.
Avvalroq guruhning Urugvay va Janubiy Koreya o‘yinida golsiz durang qayd etilgandi.
O‘yinning birinchi bo‘limida darvozalar daxlsiz qoldi. Biroq muxlislar Krishtianu Ronalduning goldan-da chiroyli parvozi (sakrashi)ga guvoh bo‘lishdi: 37 yoshli eng mashhur portugal ajoyib formada!
Ikkinchi taym. 65-daqiqada Gana darvozasiga belgilangan penaltini aniq bajargan Ronaldu navbatdagi rekordini o‘rnatdi: 5 ta jahon chempionatida gol urgan yagona futbolchi!
Oradan ko‘p o‘tmay Andre Ayyu hisobni tenglashtirdi — 1:1.
Ammo portugallar o‘zlarini yo‘qotib qo‘yishmadi, ikki daqiqa ichida afrikaliklar darvozasiga ikkita gol kiritishdi: Felish va Leao katta sahnada.
Zaxiradan maydonga tushgan Bukari 89-daqiqada hisobni qisqartirdi — 3:2. Hakam qo‘shib bergan juda ko‘p vaqtda boshqa gol urilmadi. Portugaliya mundialni qiyin g‘alaba bilan boshlab, muhim ochkolarni qo‘lga kiritdi.
QATAR-2022. H GURUHI. 1-TUR
Portugaliya – Gana 3:2
Gollar: Krishtianu Ronaldu (65, P.), Juan Felish (78), Rafael Leao (80) — Andre Ayyu (73), Usmon Bukari (89).
Portugaliya: Koshta, Kanselu, Diash, Pereyra, Gerreyro, Silva (Palinya, 88), Nevish (Leao, 77), Otavio (Karvalyu, 56), Fernandesh, Ronaldu (Ramush, 88), Felish (Mariu, 88).
Gana: Ati-Zigi, Rahmon, Salisu, Jiku (Kere (90+2), Amarti, Seydu (Lempti, 66), Samid (Semeno, 90+3), Quddus (Bukari, 77), Partey, Uilyams, Andre Ayyu (Jordan Ayyu, 77).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter