Odam qanday aqldan ozadi? (hajviya)
– Janoblar, – dedi ko‘zoynakli kishi tantanavor ohangda, – biz bir to‘xtamga kelishdan oldin hammasini obdon o‘ylab, pishitib olishimiz kerak. Bunaqa ishda shoshma-shosharlik ketmaydi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – deya qo‘llab gapirdi davradagilarning eng yoshi, – juda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak. Aks holda boshmizga balo bo‘ladi.
– Avvalo biz undan rozimizmi – shuni aniqlab olishimiz lozim, – dedi sepkilli janob.
– Norozimiz! – yig‘ilganlar jo‘rovoz bo‘lib javob qilishdi.
– Nima uchun? – yana so‘roqladi sepkilli.
– Axir u jinni-ku! – ko‘zoynakli janob xitob qildi.
– Ha, ha, jinni!
– Jinni! – har tomondan qichqirishdi.
– Tushunarli, – bosh irg‘adi sepkilli, – hamma gap shunda. Bizning vazifamiz – g‘aflatda qolmaslik va yana jinnini saylamaslik.
– Oldingisi ham tentakroq edi, – qo‘shimcha qildi semiz kishi.
– Men bilganlarning hammasi tentak edi.
– Xo‘sh, shunday ekan, kelinglar, obdon o‘ylab ko‘raylik va nihoyat aqli rasoroq bir kimsani saylaylik, – dedi yosh yigit donolik bilan.
– Ajabo, biz ularni saylaganimizda hammasining aqli xushi joyida edi, – dedi ko‘zoynakli janob xayron bo‘lib. – Ha, ular aqlli, oliyjanob odamlar edi. Ammo eng aqllisi ham oxir oqibat tentak bo‘lib chiqdi.
– E, Alloh, – dedi davradagi keksa kishi tamshanib, yo‘talarkan, – yozug‘imiz ne edi? Hammasi mana shu la’nati amalga minganda aqlini yo‘qotadi-ya.
– Ayni biz shu mansabga saylagan kimsalar! – qo‘shimcha qildi semiz kishi.
– Gap lavozimda ham emas! – dedi yosh yigit. – Hoynahoy, nomzodlarimizning avvaldanoq sal... tomi ketgan, ammo ulardagi tentaklik alomatlari saylovgacha bilinmasdi. Lavozimga o‘tirishlari hamon ularning dardi qo‘zib, kuchayib ketadi.
– Eskisimi yoki yangisimi, xotiram pand bermasa, hammasi oxir oqibat aqlini yo‘qotardi. Bironta es-xushi joyida bo‘lganini ko‘rmadim, – dedi chol yo‘talini arang bosib.
– Nimalar deb valdirayapsizlar?! Biz u bilan, manna, o‘ttiz yildan buyon do‘stmiz. Hokimlikka saylanguncha unda hech qanday kasallik alomatlari sezilmagan! – dedi sepkilli janob achchig‘lanib.
– Hm-m... Onadan tug‘ma tentak bo‘lib dunyoga keladigan odam kamdan-kam uchraydi. Demak, aqldan ozish uchun oldin hokim bo‘lish kerak ekan.
– Janoblar, ortiqcha tortishishdan foyda yo‘q, – hamsuhbatlarning gapini bo‘ldi ko‘zoynakli odam. – Oldimizda bundan ham muhim vazifa turibdi :bu gal kimni shahar hokimi etib saylaymiz?
Yig‘ilganlarning har biri qandaydir nomzodni tilga olishar, ammo shu zahoti har bir nomzodga e’tirozlar yog‘ilardi. Axir bo‘lajak hokim saylovgacha ham, undan keyin ham jinni bo‘lmasligi lozim edi-da. Yuzlab nomzodlar tilga olindi.
– To‘xtanglar! – kutilmaganda ko‘zoynakli janob hitob qildi. – Men topdim! Rasimbey haqida nima deysizlar?
– Xudoga shukur, imonli odam.
– Halol. Tarbiya ko‘rgan. Kamtarin.
– Hasadgo‘y emas. Hammaga yaxshilik tilaydi.
– Uddaburon, beg‘araz, xushmuomala.
– Ishchan.
Rasimbey sha’niga maqtovlar yog‘ilib ketdi.
– Ammo, menimcha, Rasimbey hokim bo‘lishni istamaydi, – e’tiroz bildirdi semiz kishi.
– Siz haqsiz, men uni bolaligidan bilaman. Rozi bo‘lishiga ko‘zim yetmaydi, – kavshanib qo‘shimcha qildi chol.
– O‘la qolsayam hokim bo‘lmaydi u! – tasdiqladi sepkilli.
– Nima qilish kerak? – ko‘zoynakli odam kallasini changalladi. – Men ham shunday fikrdaman, ammo nima qilsak ekan? Endi munosib nomzodni topganimizda… hammasi chappasiga ketsa!
Agar bu odamlar tavsiya qilgan nomzod saylovda o‘tmay qolganda ham boshqa gap edi. Xalq ularga ishonadi va ko‘rsatilgan nomzodni saylaydi.
Yig‘ilganlar o‘rnidan turib, Rasimbeyning uyiga ravona bo‘ldilar. Unga o‘z takliflarini aytdilar. Gap orasida hamma hokimlar ertami kechmi aqldan ozishini ham pisanda qilib qo‘yishdi.
– Demak, sizlar mening ham jinni bo‘lishimni istaysizlarmi? Menda qasdinglar bormi o‘zi? – Rasimbeyning fig‘oni falakka chiqdi.
– Xudo haqqi, o‘zingni bos. Sen aqlli odamsan. Iltimosimizga yo‘q dema.
– Yo‘q, ilojim yo‘q.
– Bu sening Vatan oldidagi burching, Rasimbey.
– Millatning bor-yo‘q umidi sendan.
– Bu axir davlat ahamiyatiga molik masala.
– Hay mayli, yen roziman, faqat bir shartim bor…
– Marhamat! Bir og‘iz so‘zing…
– Mening shartim shunday. Keyin meni so‘kib yurmasligingiz uchun gapning po‘stkallasini aytmoqchiman. Menga xushomadgo‘ylar kerak emas... Ziyofatu tantanalar bekor qilinadi, tilyog‘lamalik va maddohlik unutiladi. Xo‘sh, qalay, yoqadimi? Talabimni uddalash qo‘linglardan keladimi? Men ham xuddi sizlar kabi oddiy bir xomsut emgan bandaman. Xudo haqqi, meni tentakka chiqarmanglar. Rozimisizlar endi?
– Rozimiz! – hamma suyunib xitob qildi.
...Rasimbey ko‘pchilik ovoz bilan hokim bo‘ldi. O‘sha kunning o‘zidayoq ellikdan ortiq telegramma keldi. U bulardan birini olib,muqaddimasini o‘qib ko‘rdi: «Muhtaram afandi, o‘z xalqining asl farzandi, janob Rasimbey…»
Rasimbey boshqa telegrammalarni ochib o‘tirmadi.
– Yo Allohim, o‘zing qo‘llagaysan! – deya tavallo qildi.
Oradan ko‘p o‘tmay eshik taqillab qoldi.
Ko‘zoynakli janob kattakon guldasta ko‘tarib kirdi.Chuqur ta’zim ila Rasimbeyni tabrikladi.
Oradan yana bir muddat vaqt o‘tgach,qandaydir bir qo‘ltiqtayoqli, qotma chol ham guldasta ko‘tarib keldi. Shu asnoda u Rasimbeyning qo‘lini ham o‘pib qoldi. «Behuda ovora bo‘lyapsizlar!» dedi u sovuqqonlik bilan, keskin ohangda. Ammo bular hali holva edi: tabriklash uchun sepkilli yosh yigit bilan semiz kishi ham tashrif buyurishdi. «Yaratganning o‘zi aqlimdan mosuvo qilmasin!» – dedi Rasimbey xit bo‘lib.
Ayni chog‘da unga «Sizning sharafingizga ziyofat uyushtirilmoqda!» degan xabar yetkazildi. Rasimbey ziyofatga borsammi-yo‘qmi deya hali bir to‘xtamga kelib ulgurmay eshigi yonida mashina to‘xtadi.
Ziyofatxona shoh saroyiga o‘xshardi. Qirq nafar kishiga mo‘ljallab dasturxon tuzalgan. Qandillar, gullar, shamdonlar ko‘zni qamashtiradi.
Ko‘zoynakli kishi qo‘liga qadah olib o‘rnidan turdi. Rasimbey sha’niga qutlov so‘zi aytib, uni yuqori lavozim – shahar hokimi etib saylangani bilan tabriklarkan, shunday dedi:
– Janoblar, huzurimizda noyob aqlu zakovot sohibi turibdi! Bu – ulug‘ shaxs. Bu – kamyob inson! Uning beqiyos iste’dodi tufayli bizning shahrimiz qisqa bir fursatda...
Rasimbey darg‘azab bo‘ldi, namoyishkorona ziyofatni tark etdi.
– Ehtimol bu ularga saboq bo‘lar! – deb o‘yladi u.
Ertasi kuni u ishga ketayotib ko‘chadagi bayramona tantanani ko‘rib qoldi. Uning uyidan to shahar hokimligigacha gilamdan poyandoz to‘shalgandi. Karnay, surnay va do‘mbiralar jo‘rligida o‘yin-kulgi qilishardi. Chor atrof dafna yaproqlari bilan bezatilgan. Yo‘laklarda o‘quvchilar saf tortgan. Rasimbey ko‘rinishi hamon qarsaklar chalinadi va «Yashasin hokimimiz!» degan xitoblar yangraydi.
Yoshgina bir yigit do‘mbirachining qulog‘iga qichqiradi:
– Dadilroq, dadilroq chal! – Bolalarni ham shig‘ab qo‘yadi: – Qattiqroq, qattiqroq qichqiringlar!
Rasimbeyning oyoqlari ostida qo‘ylar qurbonlikka so‘yildi. Shahar hokimligi binosi peshtoqida dafna yaproqlari bilan bezatilgan shunday shior osilgandi: «Yangi hokimning umri boqiy bo‘lsin!»
Minbarni bor soxt-sumbati bilan egallab olgan semiz kishi shunday qichqirardi:
– Yangi hokimimiz hamshaharlarimiz qalbini o‘zining ishchanligi, adolatparvarligi, olijanobligi bilan zabt etdi.
Darg‘azab Rasimbey oldinga tashlanadi, semizning qo‘lidan ma’ruza matnini tortib olib, yirtib tashlaydi.
– Menga bunaqa paxta qo‘yishlar kerak emas! – deb na’ra tortadi.
– Vatandoshlar! – dedi bunga javoban sepkilli yigit. – Siz umringizda shunaqa kamtarin insonni ko‘rganmisiz? Yashasin yangi hokimimiz!
– Yashasin! Yasha-sin!
Gulduros qarsaklar yangradi. Boyaqish Rasimbey xuddi do‘ldan qochgandek ma’muriyat binosiga o‘zini urib yashirindi. Qabulxona hokimni tabriklash uchun kelganlar bilan gavjum edi.
– Buyursinlar! – yoshgina yigit qo‘l qovushtirib, buyruqqa mahtal turardi.
– Hech kim Sizchalik o‘z ishiga bu qadar yuksak mas’uliyat bilan yondoshmagan! – dedi qotma chol.
– Xudo haqqi, qasam ichib aytamanki, men iste’foga chiqib ketaman! – achchiqlandi Rasimbey. – Ko‘zimdan yo‘qolinglar!
Tashrif buyurganlar qo‘rqa-pisa tashqariga chog‘lanishdi:
– Bir og‘iz so‘zingiz!
– Xizmatingizga muntazirmiz! Har qanday buyrug‘ingizni bajargaymiz.
Rasimbey chor-nochor ux tortdi: «Yo Alloh!»
– Damingizni oling, afandim! – g‘amxo‘rlik bilan maslahat berdi sepkilli kishi.
– Ketinglar! – qichqirdi hokim.
Ishlashga imkon yo‘q edi. Rasimbey ko‘chaga chiqdi.
– Chetlaninglar! Hokim kelmoqda! – qandaydir bir yosh yigit yo‘lovchilarni tarqata boshladi.
Rasimbey ming mashaqqat bilan uyiga yetib oldi. Shu kuni u hech qayoqqa bormadi. Ertasi kuni u shaharda chiqadigan ikkita gazetadan keltirishni so‘radi. Bu gazetalar birinchi sahifalarida uning yirik fotosuratini bosib chiqargandi. Ulardan birida shunday tagso‘z bitilgandi: «Hamyurtlar faxrlanadigan buyuk zakovot egasi», boshqasida esa «Jahondagi eng ishchan hokim» deb yozilgandi.
Oqshomda uyiga kelishdi:
– Janoblariga qay biri ma’qul – raqqosalar uyingizga kelishsinmi yoki kazinoga o‘zlari tashrif buyuradilarmi?
– O‘zim boraman, – dedi Rasimbey.
– Biz hokimimiz bilan bir havodan nafas olayotganimizdan benihoya faxrlanamiz, – dedi kazinodagi yosh notiq yigit. U yarim soat nutq irod qildi. Rasimbey uning so‘zini bo‘lmadi.
Notiqdan keyin ko‘zoynakli odam so‘z oldi.
– Bizning hokimimiz olijanoblikning yorqin timsoli ekanligidan mamnunmiz!
...Oradan bir yil o‘tdi. Ko‘zoynakli odam, semiz kishi va qotma chol o‘zaro gurunglashishardi.
– Biz u bilan hech narsaga erisholmaymiz! Axir jinni bilan bir ish qilib bo‘ladimi?!.
– Ha, ha, u — g‘irt jinni!
– U oldingilardan ham battar ekan. Hokim emas, boshimizga bitgan bir balo bo‘ldi.
– Xuddi tog‘ni talqon qigandek maqtanishini aytsangchi.
– Go‘yo o‘zidan boshqa bu dunyoda hech kim yo‘qdek.
– Buyuklik kasalining o‘zginasi!
– Tutqanog‘i ham bor. Ular asli shunaqa bo‘ladi, men aniq bilaman.
– Endi uni nima qilsak ekan? Nahotki yangi saylovgacha chidab yursak?
– Qanaqasiga chidashimiz kerak ekan? Uning joyi – jinnixona. O‘z uyida muzey ochganiga o‘lasanmi? Maydonda haykalini o‘rnatishga qaror qilgani-chi!
– Kecha qabuliga iltimos bilan kelgan bir odamning yuziga tufladi.
– O‘tgan tuni stolda qip-yalong‘och raqsga tushibdi.
– Nima qilsak ekan?
– Do‘xtirdan jinniligi haqida ma’lumotnoma olib, jinnixonaga tiqib qo‘yish kerak.
– Vaqtni boy bermaylik, – dedi ko‘zoynakli xursand bo‘lib. – Xudo ko‘rsatmasin, yana birontasiga tashlanib qolsa...
– To‘ppa-to‘g‘ri!
– Ertalab, tong saharda qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, jinnixonaga eltamiz. Shundan keyin yangi saylovni belgilaymiz.
– Juda soz! Darvoqe, endi kimni hokim qilamiz?
– O-o, endi ehtiyot bo‘lamiz! Bu gal aqli hushi joyida bo‘lgan odamni saylashimiz kerak.
– Ha, ha… biz bunaqa jinnilardan rosa to‘ydik!..
Aziz Nesin, turk adibi.
Shodmon Otabek tarjimasi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter