Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 32 yil avvalgi qotillik fosh etildi

Buxoroda 32 yil avvalgi qotillik fosh etildi

Buxoro viloyatining Buxoro shahrida 1988-yilning 5-oktyabr kuni sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etildi. Bu haqda Buxoro viloyati IIB axborot xizmatiga tayanib «Daryo» xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur jinoyatni 1962-yilda tug‘ilgan fuqaro M.B. sodir etgan. U qotillik sodir etilgan paytda 26 yoshda bo‘lgan.

Jinoyati fosh bo‘lgan fuqaroning aytishicha, 1933-yilda tug‘ilgan ayolning uyiga ayolning taklifi bilan kirgan. Erkak ayolning uyiga kirgach unga jinsiy aloqa qilishni taklif etgan. Ayol esa bu taklifni rad etgan va o‘rtada janjal yuzaga kelgan. Janjal vaqtida erkak jahl ustida ayolning qorin va ko‘krak qismlariga 3-4 marta pichoq urgan.

Mazkur jinoyatdan keyin M.B. uch marta qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun sudlangan. U 1993-yilda eski tahrirdagi Jinoyat kodeksining 15-81-moddasi (qasddan og‘ir tan jarohati yetkazish), 1996-yilda Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi (o‘g‘rilik), 2005-yilda 169-moddaning 1-qismi (o‘g‘rilik) bilan ayblangan.

Ma’lum qilinishicha, M.B. qotillik sodir etish bilan birga, ayolning uyidagi bir nechta tilla taqinchoqni o‘g‘irlab ketgan va jinoyat joyida uning barmoq izlari qolgan.

Romitan tumanida yashovchi fuqaroning 32 yil avval sodir etgan jinoyatini fosh etishda uning hodisa joyida qoldirilgan barmoq izlari yordam berdi. Buxoro viloyat IIB Ekspert-kiriminalistika bo‘limi tomonidan 2020-yilning sentyabr oyida avtomatlashtirilgan taktiloskopik identifikatsion tizim orqali barmoq izlari tekshirilgan. O‘tkazilgan kriminalistik o‘rganishlar barmoq izlari fuqaro M.B.ga tegishli ekanligini ko‘rsatgan.

Buxoro shahar prokuraturasi tomonidan ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari qayta tiklandi. M.B. bilan olib borilgan tezkor-tergov harakatlari davomida fuqaro sodir etgan jinoyatiga to‘liq iqrorligini bildirgan. Ayni paytda mazkur ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring