Buxoro 2027-yilda MDH sammitiga mezbonlik qiladi
2027-yilda Buxoro shahri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlarining navbatdagi sammitiga mezbonlik qiladi. Yig‘ilish 8–9-oktyabr kunlari O‘zbekiston raisligida o‘tkaziladi. Bu haqda MDH bosh kotibi Sergey Lebedev 9 oktyabr kuni Turkmanistonning Avaza hududida ma’lum qildi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab MDHga raislik Turkmanistondan O‘zbekistonga o‘tadi. Shu tariqa, mamlakat Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik kun tartibini shakllantirish va tashkilot faoliyatini muvofiqlashtirishda yana bir bor muhim vazifani zimmasiga oladi.
O‘zbekiston MDHga ikkinchi marta raislik qiladi. Mamlakat ilk bor 2020 yilda, koronavirus pandemiyasi davrida tashkilotga raislik qilgan edi.
2027-yilgi sammitning Buxoroda o‘tkazilishi shaharning xalqaro tadbirlar maydoni sifatidagi ahamiyatini ham oshiradi. Qadimiy tarix va boy madaniy merosga ega Buxoro davlat rahbarlari uchrashuvi orqali nafaqat siyosiy muloqot, balki madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish uchun ham maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Sammit doirasidagi asosiy masalalar va uchrashuvlar kun tartibi haqida hozircha qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter