Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda yog‘ ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi

Buxoroda yog‘ ishlab chiqaruvchi yashirin sex fosh etildi

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanilik 26 yoshli fuqaroga 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qilmoqda Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudi sudyasi Boborahim Ochilov.

«G‘ijduvon tumanida tadbirkorlar juda ko‘pchilikni tashkil etgani boismi, ular orasida yashirin ravishda sifatsiz yog‘ mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tez-tez ko‘zga tashlanmoqda. Inson organizmiga putur va uning salomatligiga ziyon yetkazadigan sifatsiz yog‘ ishlab chiqaruvchilarga nisbatan keskin jazo choralari qo‘llaniladi»,-dedi sudya.

Holatga ko‘ra, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departament viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan G‘ijduvon tumanida yashirin sexlar faoliyatini aniqlash yuzasidan tadbir o‘tkazilgan. Unda «Sarmijon» mahalla fuqarolar yig‘ini, «Labiro‘t» qishlog‘i fuqarosi O.T.ning o‘z uyi yordamchi xo‘jalik xonasida o‘zboshimchalik bilan qo‘lbola usulda paxta yog‘i ishlab chiqaradigan moyjuvoz uskunasini o‘rnatgani aniqlangan.

Anchadan beri chigitdan olinadigan mahsulotni qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan O.T.ning xonadonidan 37 kg. paxta yog‘i mahsulotlari, 20 kg chigit mahsulotlari, 35 kg kunjara, 1 dona elektromotor, 1 dona val va 1 dona reduktor kabi qismlardan tashkil topgan moyjuvoz uskunasi topilgan. Holat o‘rganilganda, qo‘lbola apparatning nosozligi, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yog‘larning ham sifatsiz, inson salomatligiga putur yetkazishi, shuningdek, texnik jihozlar nosozligi va ishlab chiqarilgan yog‘larning yaroqsizligi aniqlangan.

O.T. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 1862-moddasining 1-qismi bilan aybli, deb topilgan va unga nisbatan shu modda bilan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga undirish sharti bilan 3 (uch) yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring