Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

DXX Andijondagi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

DXX Andijondagi jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘ydi

Skrinshot.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Qirg‘iziston Respublikasidan noqonuniy olib kelingan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 1988 va 1991-yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan aka-uka tomonidan 2 nafar qarindoshlarini jalb etgan holda, kishiga vaqtinchalik sarxushlik bag‘ishlaydigan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining barqaror savdosi yo‘lga qo‘yilgan.

Dastlab, viloyat markazidagi «Navoiy» shox ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 1997 y.t., muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi «Neksiya-3» rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 70 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

So‘ngra uning ko‘rsatmasi asosida jinoiy guruhning boshqa bir a’zosi - muqaddam 3 marotaba sudlangan, 1983 y.t. ayolning yashash xonadonidan tarkibida psixotrop moddalar turkumiga kiruvchi «trigeksifenidil gidroxlorid» moddasi bo‘lgan 75 dona «Siklodol» dori vositasi, shuningdek, 1715 dona «Regapen», 211 dona «Tropikamid», 200 dona «Zardeks», 185 dona «Lirika» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.

Bundan tashqari, jinoiy guruh yetakchilari bo‘lgan aka-ukaning mahalliy aholi orasida elektroset ko‘chasi deya ataluvchi - A.Haydarov ko‘chasida joylashgan yashash xonadonlarida va shaharning Amir Temur ko‘chasida joylashgan ularga tegishli «XXX» tungi klubida va avtomashinalar yuvish shoxobchasida ham tintuv-tergov harakatlari o‘tkazildi.

Natijada, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelinayotgan umumiy qiymati 103 mln. so‘mlik 3000 dona «Tropikamid», «Regapen» «Lirika» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, «bita» tayoqlari, o‘tkir tig‘li jismlar, aloqa vositalari, katta miqdordagi pul mablag‘lari, hisob-kitob daftarlari, garov sifatida qoldirib ketilgan haydovchilik guvohnomasi, diplom, nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma, fuqarolik pasportlari aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirilib olindi.

Bundan tashqari, DXX xodimlari tomonidan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari savdosiga qarshi o‘tkazilgan boshqa bir tezkor tadbirda esa Andijon shahrida yashovchi, 1986 y.t. fuqaro boshqaruvidagi «Cobalt» avtomashinasi shaharning Do‘stlik MFY hududida to‘xtatilib tekshirilganda, unda 2296 dona «Lirika», 1598 dona «Tropikamid» va 337 dona «Regapen» dori vositalari borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi.

Bu kabi tadbirlardan yana biri Oltinko‘l tumanida o‘tkazilib, unda «Namangan – Andijon» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan «Lasetti» avtomashinasida 4032 dona «Regapen» hamda 971 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi. Ma’lum bo‘lishicha, Oltinko‘l tumanida yashovchi, 1984 y.t. va Andijon shahrida istiqomat qiluvchi, 1995 y.t. 2 nafar fuqaro ushbu dori vositalarini Andijon shahrida sotishni rejalashtirgan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring