Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

G‘ijduvondagi qo‘shnilar «duel»i ayanchli yakun topdi

G‘ijduvondagi qo‘shnilar «duel»i ayanchli yakun topdi

Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanida yashovchi 52 yoshli fuqaro asfalt yotqizilgan yo‘lni to‘sib qo‘ygani uchun qo‘shnisini gaz to‘pponchasi bilan otib qo‘ydi.

Holat Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

Voqeaga ko‘ra, G‘ijduvon tumanining Pomo‘za mahallasida yashovchi N. V.  uyiga boriladigan yo‘lda ta’mirlash ishlari olib borilayotganligi uchun yo‘l qo‘shnilari Zarif Ziyodov hamda Gulshoda Karimovalar tomonidan shlakablok bilan yopib qo‘yilganiga guvoh bo‘lgan. O‘z avtomashinasini mast holda boshqarib kelgan N.  bundan jahllangan va qo‘shnilarining hovlisiga baqir-chaqir qilib kirgan. Qo‘shnisining vajohatini ko‘rgan Zarif va Gulshodalar uni tinchlantirishga urinishgan. Yo‘l ta’mirlanayotgani, asfalt yangiligi, shu bois, bir muddatga yo‘lni to‘sib qo‘yishganini tushuntirishgan. Gulshoda o‘z xonadonida ko‘pchilik bilan yangi asfalt yo‘lni «yuvishayotgani”nini aytib, ular Nodirni tushlikka taklif qilishgan va spirtli ichimlik tutishgan. Shirakayf holatdagi Nodir aroqni rad etmagan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Nodir Vosiyev yana janjal chiqargan va ko‘pchilik oldida Zarif Ziyodovning izzat-nafsiga tegib, dasturxon boshidan turib ketgan.

Qorong‘u cho‘ka boshlagach, qo‘ni-qo‘shnilar oldida izzat-nafsi toptalgan Zarif alam ustida Nodirga qo‘ng‘iroq qilgan va tuman markazidagi «Humo» to‘yxonasi orqasiga «duel»ga chaqirgan.

Qo‘shnilar to‘yxona oldida ko‘rishishgan va Zarif hali Nodirga nega bunday hatti-harakatda va odamlar oldida o‘zini noqobil tutganini so‘rashni boshlamasidan, Nodir unga qo‘l ko‘targan. Ular bir-birlari bilan mushtlashib ketishgan, do‘pposlashishgan. Shu topda Nodir yonida bo‘lgan gaz to‘pponcha bilan Zarifning chap quloq qismidan bir marotaba otgan. To‘pponchaning baland tovushi va Zarifning o‘kirikli ovozi atrofdagilarni o‘ziga jalb etgan. Bir pasda odamlar to‘planishgan va ko‘p o‘tmay, ichki ishlar organlari xodimlari voqea joyiga yetib kelishgan.

Jarohatlangan Zarif Ziyodov «Tez yordam» mashinasida tuman markaziy kasalxonasiga olib ketilgan.

Sudga oid tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Zarif Ziyodovning tanasida chap quloq suprasidagi yarasi, bosh tepa-o‘ng chakka sohasidagi shilinmasi ko‘rinishdagi jarohatlar aniqlangan. Ushbu jarohatlar o‘qotar quroldan yetkazilgani, og‘irlik darajasiga ko‘ra sog‘ligini qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati toifasiga kirishi qayd etilgan. Xuddi shuningdek, Nodir Vasiyevning tanasida chap bilak kaft bo‘g‘imi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi, ko‘krak qafasi old yuqori o‘ng tomonidagi qontalash va shilinmasi, o‘ng va chap tirsak bo‘g‘imi orqa, o‘ng va chap tizza old yuzasidagi shilinmalari ko‘rinishidagi tan jarohatlari aniqlangan.

Sud-tergov ishlari davomida Nodir ishlatgan qurol Germaniya davlatida «Reck International» korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgani, «Perfecta FBI 8000» rusumli, 8 mm. kalibrli, «6496547» raqamli gaz to‘pponchasi ekani ochiqlangan. Nodir bu to‘pponchani Navoiy viloyatidagi Aydarko‘lga avtomashinasida mijozlarini olib borganida topib olganini, uning o‘ziga tegishli emasligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudi sudyasi Azamat Norbekovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, aybdorga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 2-qismining «v» bandi qo‘llanilgan. Ushbu modda bilan aybdor 2 yilu 6 oy ozodlikni cheklash jazosini olgan.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring