Qidiruvda bo‘lgan shaxs mehmonxonada qo‘lga tushdi: tafsilotlar
Buxoroda qidiruvdagi shaxs mehmonxonadan topildi.
Qidiruvdagi bu shaxs videokuzatuv kameralari orqali aniqlangan. Buhaqda «Xabar.uz»ga viloyat IIB axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Shukurlayev ma’lum qilishicha, Buxoro shahrida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida o‘rnatilgan intellektual videokuzatuv tizimi o‘z samarasini ko‘rsatgan.
Ma’lum qilinishicha, qidiruvdagi shaxs Buxoro shahrining «J.Ikromiy» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan mehmonxonalardan biriga joylashgan bo‘lgan. Mehmonxonaga o‘rnatilgan videokuzatuv kamerasi joriy yilning 16 iyul kuni soat 10:19 da qidiruvda bo‘lgan shaxsni aniqlash imkonini bergan. Bu haqdagi ma’lumot zudlik bilan Tezkor boshqaruv markaziga yetkazilib, mavjud axborotlar tekshirilgan.
Tekshiruvlar davomida ushbu shaxs Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumani «Beshkaram» mahalla fuqarolar yig‘ini, Mustaqillik ko‘chasida yashovchi, 1990-yilda tug‘ilgan L.B. ekani ma’lum bo‘lgan. U joriy yilning 10-iyun kunidan buyon Andijon tumani Ichki ishlar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-moddasi, 1-qismi asosida qidiruvda bo‘lgan.
Tezkor boshqaruv markazi xodimlari tomonidan vaziyat yuzasidan tezkor choralar ko‘rilib, ma’lumot tegishli xizmatlarga yetkazilgan. Shundan so‘ng Buxoro shahar bo‘yicha Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash bo‘limi hamda Buxoro viloyati IIB Xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir tashkil etilgan.
Natijada qidiruvda bo‘lgan shaxs mehmonxonaga kelgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan zudlik bilan ushlanib, belgilangan tartibda tegishli protsessual harakatlar amalga oshirilgan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter