Buxoro tarixi muzeyi qurilmoqda
«Bukhara Siti» zamonaviy markazida tarix muzeyi qurilishi boshlangan. Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari Hayot Davlatov «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, bu bunyodkorlik ishlari ilgari boshlangan sa’y-harakatlarning uzviy davomidir.
59-lotda barpo etilayotgan Buxoro tarixi muzeyi qurilishi alohida e’tiborda. Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasining filiali sifatida faoliyat yuritishi rejalashtirilgan ushbu muzeyda Buxoro tarixi, tabiati va tasviriy san’atini jamlagan qariyb 125 ming eksponatni joylashtirish ko‘zda tutilgan.
Muzey uchun 0,93 gektar yer maydoni ajratilgan. Inshootning umumiy qurilish maydoni 6,2 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Binodan ekspozitsiya zallari, anjumanlar zali, fond va zaxira xonalari, ofislar hamda tashrif buyuruvchilar uchun kutish zallari o‘rin oladi.
Obyektlarda qurilish-montaj ishlarini jadallashtirish va sifatli tashkil etish vazifalari belgilangan.
«Yangi muzey Buxoroning boy tarixiy va madaniy merosini zamonaviy sharoitda saqlash va namoyish etish bilan birga, mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun yanada keng imkoniyatlar taqdim etadi», — dedi Hayot Davlatov.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter