Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bojxonachilar juda katta miqdordagi puxta yashirilgan narkotikni aniqlashdi

Bojxonachilar juda katta miqdordagi puxta yashirilgan narkotikni aniqlashdi

Kuni kecha Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Oybek chegara bojxona posti xodimlari va DXX chegara qo‘shinlari tomonidan yirik miqdorda giyohvandlik vositalarini mamlakatimizga olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining qayd etishicha, Oybek chegara bojxona postiga kirib kelgan fuqaro B.U. boshqaruvidagi «DAF» rusumli avtomashina o‘rnatilgan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi. Hujjatlarga ko‘ra, uzum ortilgan avtomashina respublikamiz hududidan tranzit tarzida o‘tib, Rossiya Federatsiyasiga yetib borishi lozim edi.

Bojxonachilar inspeksion ko‘rik majmuasi orqali avtomashinani ko‘zdan kechirar ekan, avtomashina chuqurlashtirilgan holda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilishi kerakligi to‘g‘risida xulosaga kelishdi.

Shubha ostiga olingan yuk avtotransport vositasi tezkor tuzilmalarning maxsus kuzatuvi ostida, «Yangiyo‘l» bojxona postida o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Transportga ortilgan uzumlar tushirilgach, tirkamaning pol qismi ochib ko‘rildi. Polda yashirin bo‘lmalar hosil qilinib, ular orasiga esa yashil rangli yelim idishlar poliuretan ko‘pik ko‘magida zichlab joylashtirilgani ma’lum bo‘ldi.

Uddaburonlik bilan joylashtirilgan 141 dona yelim idishlarda, idishi bilan hisoblaganda jami 156 kg.ga yaqin giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.

Idishlardagi giyohvandlik vositalarining hidini xizmat itlari payqamasligi uchun idish qopqog‘i maxsus smola — qatron ko‘magida ishlov berilganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 149,76 kg. «gashish», 4,44 kg. «opiy» va 1,52 kg. «geroin» giyohvandlik vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring